“Maariv” jurnali: O‘zbekiston va Isroil o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik kengaymoqda
Iyul 02, 2026. 18:30 • 2 daq
• 51
TEL-AVIV, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. “Maariv” jurnalida O‘zbekiston va Isroil o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikka bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, mazkur hamkorlikning yorqin namunasi sifatida o‘zbekistonlik tadbirkor Bahodir Majidov va Isroilning “GCI Gemological Centers” kompaniyasi o‘rtasida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyiha keltirilgan.
Isroilda gemmologiya hamda olmosga ishlov berish texnologiyalari bo‘yicha tahsil olgan tadbirkor avval “Expert One” kompaniyasiga asos solgan, keyinchalik esa isroillik hamkorlar bilan qo‘shma korxona tashkil etgan.
Taʼkidlanishicha, yaqinda kuchga kirgan hamkorlik to‘g‘risidagi bitim Markaziy Osiyoda zargarlik sanoatini rivojlantirish, sohaga investitsiyalar jalb qilish hamda mintaqada sertifikatlangan qimmatbaho toshlarga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda biznes yuritish uchun yaratilgan qulay muhit Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo, AQSH hamda Yevropa mamlakatlari kompaniyalarining qiziqishini tobora oshirmoqda. Shuningdek, Hindiston, Gonkong, Rossiya va Xitoydan qimmatbaho toshlar importi hajmining ortishi yuqori malakali gemmologik ekspertiza xizmatlariga bo‘lgan talabni kuchaytirmoqda.
Jurnalning yozishicha, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi ortib borayotganini Toshkentda o‘tkazilgan V xalqaro investitsiya forumi ham yaqqol namoyon etgan. Forumda umumiy qiymati 43,1 milliard AQSH dollarlik investitsiya kelishuvlari imzolangan.
Shuningdek, maqolada O‘zbekiston, Afg‘oniston va Turkmaniston hamkorligida qo‘shma erkin iqtisodiy zona tashkil etish tashabbusi tilga olinib, uni amalga oshirishda zamonaviy texnologiyalar, xususan, Isroilning ilg‘or tajribasi va innovatsion yechimlari muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi