Logo

2025-yilda yurtimizga 32 ming yaponiyalik sayyoh tashrif buyurgan

Fevral 18, 2026. 17:52 • 2 daq

58
2025-yilda yurtimizga 32 ming yaponiyalik sayyoh tashrif buyurgan

TOKIO, 18-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Muxsinxo‘ja Abduraxmonov Yaponiya sayyohlik agentliklari uyushmasi (“JATA”) raisi Xiroyuki Takaxashi bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida “JATA” raisi O‘zbekiston katta sayyohlik salohiyatiga ega ekani va Yaponiyadan kelgan sayyohlar orasida tobora talabgir yo‘nalishga aylanib borayotganini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birgina 2025-yilda mamlakatimizga 32 ming yaponiyalik sayyoh tashrif buyurgan. Bu tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkich va 2024-yilga nisbatan bir yarim baravardan ko‘proq o‘sishdir.

Xiroyuki Takaxashi Yaponiya fuqarolari uchun joriy etilgan vizasiz tartib, osoyishta muhit, sayohat uchun qulay sharoitlar hamda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar sayyohlar oqimining ko‘payishiga hissa qo‘shayotganini qayd etdi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning boy tarixiy merosi, mahalliy aholining mehmondo‘stligi va rivojlanayotgan turizm infratuzilmasi Yaponiyadan sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish uchun imkoniyat yaratayotgani yuqori baholandi.

Uchrashuv yakunida mamlakatga yapon sayyohlar oqimini ko‘paytirish va turizm sohasidagi hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi. Bular yangi sayyohlik dasturlarini ishlab chiqish va “turizm dasturlari”ni targ‘ib qilish, axborot turlarini tashkil etish, charter reyslarini yo‘lga qo‘yish, yirik sayyohlik ko‘rgazmalarida ishtirok etishni o‘z ichiga oladi.

“JATA” 1959-yilda Tokioda Xalqaro sayyohlik agentliklari uyushmasi sifatida tashkil etilgan va bugungi kunda Yaponiyaning eng yirik sayyohlik tashkiloti hisoblanadi. Uyushmaga 2 mingga yaqin sayyohlik kompaniyalari va tashkilotlari aʼzo bo‘lib, Yaponiyaning 9 shahrida vakolatxonalari mavjud.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish