24–29-avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum bo‘lib o‘tadi

Avgust 14, 2026. 20:00 • 2 daq

47
24–29-avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum bo‘lib o‘tadi

TOSHKENT, 14-avgust. /“Dunyo” AA/. 24–29-avgust kunlari O‘zbekiston poytaxtida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar va media sohasi mutaxassislari jam bo‘ladi.

Forum dasturidan tantanali ochilish marosimi, yalpi majlislar, mavzuga oid media-ko‘rgazmalar, matbuot anjumanlari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Sho‘ba yig‘ilishlari doirasida hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari, zamonaviy texnologiyalar, shuningdek, media sohasidagi xalqaro loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston talabalari uchun jahon media sanoatining yetakchi mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media mahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish borasida tajriba almashadi.

27-avgust kuni forum qatnashchilari uchun Samarqand shahriga sayohat uyushtiriladi. Dastur doirasida mehmonlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qiladi va shaharning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkent shahrida xorijiy OAV vakillari uchun maxsus media-tur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Forum 28-avgust kuni yakuniy yalpi majlis va tantanali yopilish marosimi bilan o‘z ishini yakunlaydi. Xorijlik mehmonlar, O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish