Nuriddinjon Ismoilov: Yangi tahrirdagi Konstitutsiya inson huquq va erkinliklarini himoya qilishni kafolatlaydi

Avgust 14, 2026. 19:30 • 3 daq

24
Nuriddinjon Ismoilov: Yangi tahrirdagi Konstitutsiya inson huquq va erkinliklarini himoya qilishni kafolatlaydi
Nuriddinjon Ismoilov: Yangi tahrirdagi Konstitutsiya inson huquq va erkinliklarini himoya qilishni kafolatlaydi

TOSHKENT, 14-avgust. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Mustaqil O‘zbekiston – 35 yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada so‘zga chiqdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi va g‘oyalari asosida qabul qilingan va mamlakatimizni rivojlantirishning yangicha modeli hisoblangan Harakatlar strategiyasi, Taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosi doirasida barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimiz tarixida ilk bor xalqimiz tanlovi, referendum asosida yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilindi. Ushbu Konstitutsiya bilan O‘zbekistonda yangi ijtimoiy-siyosiy muhit shakllandi, davlat o‘ziga ulkan ijtimoiy-iqtisodiy majburiyatlarni oldi. Inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlari joriy qilindi.

Nuriddinjon Ismoilov islohotlarning iqtisodiy natijalariga to‘xtalar ekan, mamlakat iqtisodiyoti hajmi 50 milliard dollardan 147 milliard dollarga yetgani, valyuta bozori erkinlashtirilgani, tadbirkorlik va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari kengaytirilganini maʼlum qildi.

O‘tgan yili iqtisodiyotimizga 43 milliard dollar jalb qilindi. So‘nggi o‘n yillikda uy-joy qurilishi hajmi 10 barobar oshib, 2025-yilda 238 ming xonadonga yetdi.

Spiker nutqida ijtimoiy islohotlarga alohida eʼtibor qaratdi. Maʼruzachining fikricha, so‘nggi uch yilda ijtimoiy xizmatlar soni 23 tadan 140 taga ko‘paydi, kambag‘allik darajasi esa qariyb 35 foizdan 5,8 foizga kamaydi. Maktabgacha taʼlimda qamrov 27 foizdan 78 foizga, oliy taʼlimda 9 foizdan 44 foizga oshdi.

Shuningdek, Nuriddinjon Ismoilov O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosati izchil rivojlanib borayotgani, eng avvalo, Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlar mustahkamlanib, mintaqaviy hamkorlik rivojlanib borayotganini taʼkidladi.

U parlamentning roli haqida so‘z yuritar ekan, zamonaviy parlamentlar nafaqat qonun ijodkorligi instituti, balki ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, barqaror rivojlanish va global muammolarga yechim topishning muhim mexanizmlari ekanini taʼkidladi.

Shu maʼnoda, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va ijtimoiy taraqqiyotni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirishga qaratilgan ikkita rezolyutsiyasi qabul qilingani qayd etildi.

Spiker parlament diplomatiyasi O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini eʼtirof etdi. Markaziy Osiyo davlatlari, Ozarbayjon, Belarus, Gruziya, Rossiya, Turkiya va boshqa mamlakatlar bilan parlamentlararo aloqalar kengayib bormoqda.

O‘zbekiston vakillarining Parlamentlararo ittifoq, YEXHT Parlament assambleyasi, MDH Parlamentlararo assambleyasi, Osiyo Parlament assambleyasi va boshqa xalqaro parlament tuzilmalaridagi faol faoliyati alohida qayd etildi.

Nuriddinjon Ismoilov Toshkentda Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi o‘tkazilishining tarixiy ahamiyatini taʼkidlab, buni O‘zbekistonning global parlamentlararo muloqot markazlaridan biri sifatida tan olinganidan dalolat deb atadi.

Yakunda u konferensiya ishtirokchilarining fikr va takliflari parlamentarizmni yana-da rivojlantirish va xalqaro parlament hamkorligini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish