Logo

Amir Temur tavalludining 690 yilligi O‘zbekiston va xorijda keng nishonlanadi

Fevral 06, 2026. 11:16 • 2 daq

82
Amir Temur tavalludining 690 yilligi O‘zbekiston va xorijda keng nishonlanadi

TOSHKENT, 6-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Qarorning asosiy maqsadi buyuk ajdodimiz asos solgan Ikkinchi Uyg‘onish davrining milliy va umuminsoniy mohiyati, yosh avlodni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari etib tarbiyalash borasidagi ulkan o‘rni va taʼsirini inobatga olib, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tashkiliy-amaliy, ilmiy va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish hisoblanadi.

Ushbu hujjatga ko‘ra, joriy yilda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash, har yili aprel oyini “Amir Temur oyligi” deb eʼlon qilish va uning doirasida umumtaʼlim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalari, harbiy qismlar va harbiy taʼlim muassasalari, korxona va tashkilotlar, mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchilar va sanʼatkorlar ishtirokida uchrashuvlar, badiiy-maʼrifiy tadbirlar uyushtirish belgilangan.

Mazkur hujjat asosida Temuriylar davri tarixini tizimli o‘rganish va ilmiy natijalarni keng targ‘ib etish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.

Shu bilan birga, shu yil 9–10-aprel kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi.

Amir Temur va temuriylar davri tarixi bilan bog‘liq turkum kitoblar, ilmiy va ilmiy-ommabop asarlar tayyorlanadi va nashr etiladi.

Qarorda shuningdek, “Tirik tarix” loyihasi asosida suratga olingan, Amir Temur saltanatining Yevropa davlatlari bilan diplomatik va elchilik aloqalari yoritib berilgan tarixiy-badiiy va hujjatli filmlarni Ispaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy mamlakatlarda namoyish etish, Temuriylar davri manbalari elektron platformasini yaratish ko‘zda tutilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish