Akramjon Neʼmatov: O‘zbekiston SHHTning ochiqlik, bloklarga qo‘shilmaslik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi
Iyul 06, 2026. 19:00 • 7 daq
• 94PEKIN, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. 2–4-iyul kunlari O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Neʼmatov boshchiligidagi delegatsiya Pekinda bo‘lib o‘tgan XIV Jahon tinchlik forumida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida Sinxua universiteti tomonidan tashkil etilgan forumda dunyoning 60 mamlakatidan 400 nafardan ortiq delegat, jumladan AQSH, Rossiya, Yevropa, Osiyo, Lotin Amerikasi, Afrika va Yaqin Sharqning siyosiy, diplomatik hamda akademik doiralari vakillari qatnashdi.
Forumning ochilish marosimida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi o‘rinbosari Xan Chjen so‘zga chiqdi. U Pekinning yangi xalqaro xavfsizlik meʼmorchiligini shakllantirishga doir asosiy yondashuvlarini bayon etar ekan, geosiyosiy beqarorlik kuchayib borayotgan bugungi sharoitda ko‘p tomonlama hamkorlikning muhim ahamiyatini alohida taʼkidladi.
SHHT doirasidagi hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan sessiyada Akramjon Neʼmatov O‘zbekistonning Tashkilotni yana-da rivojlantirish borasidagi yondashuvlarini taqdim etdi. U O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston uchun SHHT shunchaki tashqi siyosiy maydon emas, balki xavfsizlikni taʼminlash, barqaror rivojlanish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni ilgari surishning muhim vositasidir”, degan fikrini keltirdi.
Akramjon Neʼmatovning taʼkidlashicha, jahon tizimidagi chuqur o‘zgarishlar sharoitida mintaqaviy hamkorlik mexanizmlarining ahamiyati tobora ortib bormoqda. “Global boshqaruv institutlari tizimli muammolarga duch kelayotgan, yangi tahdidlarga tezkor va samarali javob bera olmayotgan bugungi sharoitda mintaqaviy hamkorlik formatlarining o‘rni tobora kuchaymoqda. Shu bois SHHTning bugungi kundagi ahamiyati obyektiv ravishda ortib bormoqda”, – dedi u.
Ekspert qayd etganidek, SHHT o‘zining noyob xususiyatini saqlab qolmoqda. “Shanxay hamkorlik tashkiloti harbiy blok emas va u hech qachon mavjud xalqaro institutlarga muqobil tuzilma sifatida tashkil etilmagan. Uning o‘ziga xosligi aynan shunda. Tashkilot turli siyosiy tizim va manfaatlarga ega davlatlarni birlashtirgan holda, umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish salohiyatini saqlab qolmoqda. Tobora parchalanib borayotgan dunyoda muloqotni davom ettirish qobiliyati mustaqil strategik resursga aylanmoqda”, – dedi u.
Nutq davomida zamonaviy tahdidlarning o‘zgarib borayotgan xususiyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Akramjon Neʼmatovning aytishicha, bugungi kunda xavfsizlik va taraqqiyotni bir-biridan alohida ko‘rib chiqishning imkoni yo‘q. “Barqaror iqtisodiyotsiz xavfsizlikni taʼminlab bo‘lmaydi. Xavfsizliksiz esa barqaror rivojlanishga erishish mumkin emas”, – dedi ekspert.
Shu bois, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev SHHT doirasida o‘zaro bog‘liqlik va barqarorlik tamoyillariga asoslangan yangi iqtisodiy sheriklik modelini shakllantirish tashabbusini izchil ilgari surib kelmoqda.
Bunda gap mintaqani yopiqlikka olib borish haqida emas, balki sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport va raqamli o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, savdo aloqalarini kengaytirish hamda barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish orqali uning tashqi iqtisodiy xatarlarga birgalikda bardosh berish salohiyatini kuchaytirish haqida bormoqda. SMTI vakili taʼkidlaganidek, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik nafaqat iqtisodiy o‘sish manbai, balki jamoaviy xavfsizlikning muhim omilidir.
Ekspertning fikricha, SHHTning bundan keyingi taraqqiyoti xavfsizlik, iqtisodiy integratsiya, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik hamda texnologik rivojlanish masalalari Tashkilot makonida barqarorlik va izchillikni taʼminlashga qaratilgan yagona strategiyaning o‘zaro uyg‘un va bir-birini to‘ldiruvchi tarkibiy qismlari sifatida qaraladigan yangi kun tartibiga tayanishi lozim.
Shuningdek, Tashkilot doirasida o‘zaro ishonch muhitini saqlab qolish zarurligi alohida qayd etildi. Akramjon Neʼmatov xalqaro maydondagi keskinlik kuchayib borayotgan bir sharoitda tashqi qarama-qarshiliklarning Tashkilot ichiga ko‘chib o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimligini taʼkidladi. Shu bois muloqot madaniyati nafaqat qadriyat, balki SHHTning barqaror rivojlanishining muhim shartiga aylanmoqda.
Akramjon Neʼmatov fikricha, davlatlar o‘rtasidagi ayrim kelishmovchiliklar tabiiy hol. Shu sababli, ular umumiy kun tartibiga salbiy taʼsir ko‘rsatmasligi uchun muloqot, maslahatlashuvlar va ishonchni mustahkamlash mexanizmlarini izchil rivojlantirish zarur.
U O‘zbekistonning SHHTni yana-da rivojlantirishga doir yondashuvlarini bayon etar ekan, mamlakatimiz Tashkilotning ochiq va bloklardan xoli xususiyatini saqlab qolish, shuningdek, yaxshi qo‘shnichilik tamoyillarini mustahkamlashni izchil qo‘llab-quvvatlashini alohida qayd etdi.
Nutqning asosiy g‘oyasi Markaziy Osiyo SHHTning strategik o‘zagi bo‘lib qolishi zarurligi haqidagi fikr bo‘ldi. Akramjon Neʼmatov maʼlum qilganidek, bu qoida 2025-yilda Pekinda bo‘lib o‘tgan sammit yakunida qabul qilingan Tyanszin deklaratsiyasida o‘z aksini topgan. Eng muhimi, u Yevroosiyo makonidagi hamkorlikning obyektiv tarkibiy voqeligini ifodalaydi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan Markaziy Osiyo SHHTning ichki o‘zaro bog‘liqligini taʼminlaydi. Geografik joylashuv, iqtisodiy aloqalar va xavfsizlik nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘lsa, SHHTning ichki yaxlitligi va o‘zaro bog‘liqligini aynan Markaziy Osiyo taʼminlayotgani yaqqol namoyon bo‘ladi.
Shu nuqtayi nazardan ekspert Markaziy Osiyo Sharqiy va Janubiy Osiyo, Rossiya hamda Yaqin Sharqni bog‘lovchi asosiy transport yo‘nalishlari kesishgan Yevroosiyoning muhim tranzit markazi ekanini qayd etdi. Bundan tashqari, aynan shu hududda “Shanxay ruhi” tamoyillari eng izchil hayotga tatbiq etilmoqda, mintaqa davlatlari esa o‘zaro ishonchni mustahkamlash bosqichidan yirik infratuzilmaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirish bosqichiga o‘tmoqda.
SMTI vakili bunga misol tariqasida Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini keltirib, bu shunchaki transport yo‘lagi emas, balki mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik arxitekturasini tubdan o‘zgartirish salohiyatiga ega strategik koridordir, deya taʼkidladi.
Shuningdek, u 2022-yilda Samarqand shahrida o‘tkazilgan SHHT sammiti haqiqiy burilish nuqtasi bo‘lganini eslatib, uning yakunlari bo‘yicha SHHTning yangi iqtisodiy meʼmorchiligining strategik va konseptual asoslari yaratilganini taʼkidladi.
Bundan tashqari, aynan Markaziy Osiyoda Tashkilot xavfsizlik tizimining muhim bo‘g‘inlari – Toshkent shahridagi Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi, Dushanbe va Bishkek shaharlarida tashkil etilgan yangi markazlar faoliyat yuritmoqda. Aslida, bugungi kunda Markaziy Osiyo butun SHHT uchun tizimli barqarorlashtiruvchi omil vazifasini bajarmoqda.
Akramjon Neʼmatov Afg‘oniston masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdi. U SHHTning global boshqaruv tizimida masʼuliyatli subyekt sifatida faoliyat yuritish salohiyati, avvalo, uning o‘z makonida barqarorlikni qay darajada samarali taʼminlay olishiga bevosita bog‘liq ekanini taʼkidladi.
Uning qayd etishicha, Afg‘oniston mintaqaviy xavfsizlikning muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Ushbu mamlakatdagi beqarorlik terrorizm va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishidan tortib transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik hamda iqtisodiy integratsiyagacha bo‘lgan keng Yevroosiyo makonidagi jarayonlarga bevosita taʼsir ko‘rsatadi.
Shu munosabat bilan SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari muhokamalardan amaliy harakatlarga o‘tish zarurligini taʼkidladi.
“Afg‘oniston masalasiga eʼtiborni saqlab qolishning o‘zi yetarli emas. Endi amaliy hamkorlik mexanizmlarini ishga tushirish vaqti keldi. Shu nuqtayi nazardan, “SHHT–Afg‘oniston” Aloqa guruhi faoliyatini qayta tiklash dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, Afg‘onistonning amaldagi hokimiyati bilan muloqotni rivojlantirish hamda mamlakat iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan saʼy-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash muhimdir. Zero, Afg‘oniston iqtisodiyoti tiklanmas ekan, mintaqada uzoq muddatli barqarorlikni taʼminlash haqida so‘z yuritish qiyin”, – dedi Akramjon Neʼmatov.
Forum doirasida SMTI delegatsiyasi Xitoyning yetakchi tahlil markazlari va oliy taʼlim muassasalari rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori Sun Chjuanchji, Xitoy Xalqaro tadqiqotlar akademiyasi Yevroosiyo tadqiqotlari instituti direktori Din Syaosin, Butunjahon sinologiya markazi rahbari Syuy Baofen hamda Sinxua universiteti Xalqaro munosabatlar instituti direktori, professor Yan Syuetun bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Muloqotlar chog‘ida xitoylik ekspertlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oqilona va uzoqni ko‘zlagan siyosati tufayli O‘zbekiston–Xitoy munosabatlari barcha jabhada har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini bildirdi.
Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisining Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqaviy integratsiyani ilgari surish hamda “Yangi Markaziy Osiyo” konsepsiyasini shakllantirishdagi alohida o‘rni yuksak baholandi. Natijada, bugungi kunda mintaqa Xitoyda yangi imkoniyatlar makoni va Yevroosiyo hamkorligining muhim markazlaridan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.
Shu bilan birga, hamkorlikning yuqori texnologiyalar yo‘nalishini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilishi qayd etildi. Xususan, Xitoy tomoni O‘zbekiston bilan raqamli iqtisodiyot, sunʼiy intellekt, innovatsiyalar hamda ekspertlar o‘rtasidagi hamkorlik sohalarida aloqalarni yana-da kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




