O‘zbekiston Prezidenti cho‘llanishga qarshi kurashish va “yashil shahar” tamoyillarini joriy etish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdi

Iyul 06, 2026. 19:10 • 7 daq

9
O‘zbekiston Prezidenti cho‘llanishga qarshi kurashish va “yashil shahar” tamoyillarini joriy etish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdi

TOSHKENT, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun cho‘llanishga qarshi kurashish va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish, shuningdek, shaharlarda “yashil shahar” tamoyillarini joriy etish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, yerlarning tanazzulga uchrashi va cho‘llanish bugun butun mintaqa uchun dolzarb ekologik muammoga aylanmoqda. Bu esa qishloq xo‘jaligi barqarorligi, oziq-ovqat xavfsizligi, aholi salomatligi va hududlarning iqtisodiy rivojlanishiga bevosita taʼsir ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimiz hududining qariyb 80 foizi cho‘l va yarim cho‘l maydonlaridan iborat. Yerlarning sho‘rlanishi, qum ko‘chishi, chang bo‘ronlari va garmsellar, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlari, shuningdek, Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarining ayrim tumanlarida jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

Orol dengizining qurishi mazkur jarayonni yana-da kuchaytirgan. Qurigan tubda Orolqum cho‘li shakllanib, havoga ko‘tarilayotgan tuz va chang keng hududlarga tarqalmoqda. Shu bois, Orolbo‘yida yashil qoplamalar barpo etish, saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklarini ekish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Keyingi yillarda Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ortiq yangi o‘rmonzorlar tashkil etildi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakat bo‘ylab 1 milliarddan ziyod daraxt va buta ko‘chatlari ekildi, ko‘kalamzorlashtirish darajasi 2020-yildagi 8 foizdan 2025-yilda 14,3 foizga yetdi. 

Taqdimotda 2026-2030-yillarda cho‘llanishga qarshi kurashish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Jumladan, 1,27 million gektarda o‘rmon barpo etish va qayta tiklash, cho‘l, tog‘ va tog‘oldi hududlarda 16 ming gektar himoya o‘rmonzorlari yaratish rejalashtirilgan.

Surxondaryo viloyatida 10 ming gektar maydonda yashil qoplamalar tashkil etish, Sirdaryo viloyatining chegaradosh hududlarida 84 kilometrlik “yashil devor” barpo qilish, tog‘ va tog‘oldi hududlarida “terrasa” usulida daraxt va butalar ekish, degradatsiyaga uchragan yerlarda zamonaviy agrotexnologiyalarni sinovdan o‘tkazish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari cho‘l hududlariga faqat ekologik muammo sifatida emas, balki yangi iqtisodiy imkoniyatlar manbai sifatida qarash zarurligini taʼkidladi. Shu maqsadda “cho‘l iqtisodiyoti” yondashuvini rivojlantirish, qo‘riq va sho‘rlangan yerlarda barqaror daromad manbalarini yaratish, cho‘l o‘simliklari urug‘chiligi va ko‘chatchiligini yo‘lga qo‘yish, galofit o‘simliklar yetishtirish, yaylovlar mahsuldorligini oshirish, chorvachilik, ekologik turizm va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bu borada Qoraqalpog‘istonda cho‘l o‘simliklari ko‘chatxonalarini tashkil etish, Orolning qurigan tubida ilmiy ekspeditsiyalar o‘tkazish, Bobotog‘ hududida zamonaviy usullar asosida pista plantatsiyalarini rivojlantirish, galofit bog‘lar tarmog‘ini kengaytirish taklif etildi. Shuningdek, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar va urug‘lar bo‘yicha mintaqaviy bank yaratish, xalqaro fondlar va xususiy investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Taqdimotda Markaziy Osiyo davlatlari bilan ekologik hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Cho‘llanish va yer degradatsiyasi chegara bilmaydigan muammo ekani, shu bois, unga qarshi kurashishda yagona mintaqaviy yondashuv, ilmiy hamkorlik, maʼlumot almashish va texnologiyalar transferi muhimligi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan cho‘llanishga qarshi kurashish va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini kengaytirish, “Yashil qalqon” mintaqaviy dasturi doirasida amaliy loyihalarni ko‘paytirish, 2040-yilgacha cho‘llanishga qarshi kurashish strategiyasini ishlab chiqish tashabbuslari ilgari surildi.

Samarqand shahrining tarixiy-madaniy merosi, Buyuk ipak yo‘lidagi o‘rni, xalqaro turizm markazi sifatidagi salohiyati, strategik geografik joylashuvi hamda mavjud suv va transport infratuzilmasini inobatga olgan holda uni Markaziy Osiyoda ekologik barqaror, iqlimga moslashgan va zamonaviy “yashil shahar” namunasiga aylantirish nazarda tutilmoqda.

Shunga muvofiq, taqdimotda shaharlar ekologik barqarorligini taʼminlash bo‘yicha “Green Samarkand” modeli ko‘rib chiqildi.

Mazkur model doirasida 2030-yilga qadar Samarqand shahrida aniq ekologik ko‘rsatkichlarga erishish belgilangan. Jumladan, atmosferaga chiqarilishi mumkin bo‘lgan 51,2 ming tonna zararli tashlamalarning oldini olish, sanoat va energetika obyektlarida chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish orqali PM2.5 va PM10 zarrachalarini 50 foizga kamaytirish, qurilish obyektlaridan chiqadigan chang miqdorini 80 foizga, transport vositalaridan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar hajmini 50 foizga qisqartirish, chiqindi poligonlari hajmini 2 barobar kamaytirish hamda aholi yashash punktlarida yashil hududlar ulushini o‘rtacha 30 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Loyihani amalga oshirish uchun Samarqand viloyati hokimligi va Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ishtirokida “Yashil Samarqand” loyiha ofisi tashkil etiladi. Ushbu ofis shaharsozlik, ekologiya, transport, qurilish, turizm, sanoat va kommunal xizmatlar sohalarida belgilangan tadbirlarni yagona tizimda muvofiqlashtiradi.

Samarqand shahrida maxsus ekologik-shaharsozlik rejimi joriy etilib, yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan obyektlar uchun “yashil qurilish” talablari majburiy etib belgilanadi. Bunda energiya va suv tejamkor texnologiyalardan foydalanish, chiqindilarni saralash va qayta ishlash tizimlarini joriy etish, resurs samaradorligini oshirish hamda ekologik talablarga javob bermaydigan obyektlarni foydalanishga qabul qilmaslik amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Transport sohasida Samarqand shahrini ekologik toza harakatlanish modeliga o‘tkazish nazarda tutilgan. Buning uchun 50 ta zamonaviy katta sig‘imli elektrobus xarid qilish, chorrahalarda 150 ta yangi svetofor o‘rnatish, 2030-yilga qadar jamoat transporti va taksi xizmatini to‘liq elektr transportiga o‘tkazish choralari ko‘riladi. Shu bilan birga, “Park & Ride” tizimi joriy etilib, piyodalar harakati ustuvor bo‘lgan yashil turistik hududlar tashkil qilinadi, shahar markaziga shaxsiy avtotransport kirishi bosqichma-bosqich kamaytiriladi.

Suv va “yashil” infratuzilmani rivojlantirish maqsadida Samarqand shahrida kamida 4 ta, viloyat tumanlari markazlarida esa kamida bittadan sunʼiy ko‘l va suv havzalari tashkil etiladi. Samarqand shahrida qo‘shimcha 10 ta yangi favvora qurilib, mavjud favvoralar infratuzilmasi modernizatsiya qilinadi. Shuningdek, umumiy uzunligi 319 kilometr bo‘lgan ariqlar tizimi quriladi va tiklanadi.

Shahar atrofida himoyaviy “yashil” infratuzilmani shakllantirish maqsadida “Yangi katta halqa yo‘li” bo‘ylab uzunligi 102,7 kilometr, umumiy maydoni 3532 gektar bo‘lgan “yashil belbog‘” barpo etiladi. Ushbu belbog‘ chang va issiq havo oqimlarini kamaytirish, atmosfera havosi sifatini yaxshilash, shahar atrofida tabiiy himoya zonasini yaratish hamda iqlimga moslashuv choralarini kuchaytirishga qaratilgan.

Shaharsozlik yo‘nalishida 300 gektar maydonda “Green City Samarkand” hududini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ushbu hududda turar joy, ofis, xizmat ko‘rsatish, turizm va jamoat infratuzilmasi obyektlari xalqaro “yashil shahar” standartlari asosida barpo etiladi.

Sanoat obyektlarining ekologik taʼsirini kamaytirish uchun “yashil sanoat zonasi” hududida eng maqbul texnologiyalar, “Zero Visible Emission” va raqamli ekologik monitoring tizimlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Mavjud sanoat zonalari atrofida “yashil belbog‘”lar tashkil etiladi hamda aholi sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan I va II toifaga mansub 8 ta sanoat korxonasini shahar hududidan tashqariga ko‘chirish choralari ko‘riladi.

Chiqindilarni boshqarish sohasida “Zero Waste Samarkand” tamoyili asosida chiqindilarni saralash, qayta ishlash va poligonlarga yuboriladigan hajmini kamaytirish tizimi joriy etiladi. Noqonuniy chiqindi tashlash holatlarini raqamli xaritalash va foto-videofiksatsiya qilish bo‘yicha axborot tizimi ishga tushiriladi.

Iqlim siyosati yo‘nalishida Samarqand shahri uchun 2030-va 2035-yillarga mo‘ljallangan uglerod chiqindilarini qisqartirish maqsadli ko‘rsatkichlari hamda “Carbon Neutral Samarkand” “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi. Shuningdek, yashil va iqlim loyihalarini moliyalashtirish uchun “Green Samarkand Climate Finance Facility” platformasi, natijalarni ochiq eʼlon qilish va monitoringini yuritish uchun “Green Samarkand Dashboard” raqamli platformasi ishga tushiriladi.

Turizm va bioxilma-xillik yo‘nalishida “Yashil Samarqand” brendi, “Green Hotels Samarkand” reyting tizimi, “Samarkand City Biodiversity Index” metodologiyasi, “Urban Biodiversity Samarkand” pilot loyihasi va “Bioxilma-xillikni asraymiz” ko‘ngillilar dasturi amalga oshiriladi. Shu orqali Samarqand shahri ekologik turizm, yashil investitsiyalar va barqaror shaharsozlik yechimlari markaziga aylantiriladi.

Umuman, loyiha doirasida Samarqandni “Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti” sifatida shakllantirish uchun tashkiliy, moliyaviy va amaliy asoslar yaratiladi.

Prezidentimiz takliflarni maʼqullab, cho‘llanishga qarshi kurashish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, shaharsozlikda ekologik talablarni kuchaytirish va aholi uchun sog‘lom muhit yaratish masalalari yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish