So‘nggi 10 yilda O‘zbekiston–Belarus tovar ayirboshlash hajmi 13, xizmat ko‘rsatish esa 30 barobardan ziyodga oshdi

Iyul 02, 2026. 18:00 • 4 daq

131
So‘nggi 10 yilda O‘zbekiston–Belarus tovar ayirboshlash hajmi 13, xizmat ko‘rsatish esa 30 barobardan ziyodga oshdi

MINSK, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. Minskda “Belarus va O‘zbekiston: hamkorlikning yangi yo‘nalishlari” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur tadbir Belarus Strategik tadqiqotlar instituti (BSTI) hamda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston va Belarus diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, vazirlik va idoralar, davlat korxonalari vakillari, shuningdek ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirok etdi.

Belarus tomonidan tadbirda iqtisodiyot vaziri, Belarus Milliy eksportni qo‘llab-quvvatlash markazi, “Beltamojservis” davlat korxonasi, “Xalqaro biznes alyansi” kompaniyasi, “Transtexnika” Milliy transport ilmiy-tadqiqot instituti hamda “IBA IT Park” xorijiy korxonasi rahbariyati va mutaxassislari qatnashdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan SMTI, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi hamda Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi vakillari o‘rin oldi.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekiston–Belarus hamkorligining bugungi holati va uni yana-da rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. O‘zaro savdo, sanoat va agro­sanoat kooperatsiyasi, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish, shuningdek, yangi texnologiyalarni joriy etish asosiy mavzular qatoridan o‘rin oldi.

Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish hamda o‘zaro manfaatli qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvda BSTI direktori Oleg Makarov so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi. Uning taʼkidlashicha, mamlakat tashqi siyosiy faoliyatini sezilarli darajada faollashtirib, yuqori va oliy darajadagi ko‘plab xalqaro tadbirlarga mezbonlik qilmoqda hamda mintaqadagi nufuzini yana-da mustahkamlamoqda.

Uning fikricha, Belarus va O‘zbekiston o‘zaro ishonch, ochiqlik va hurmat tamoyillariga asoslangan munosabatlarni shakllantirishga erishgan. Bugungi kunda Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida deyarli hech qanday to‘siqlar mavjud emas.

Belarusning yurtimizdagi elchisi Aleksandr Ogorodnikov Belarus–O‘zbekiston munosabatlari barqaror va izchil rivojlanib borayotganini taʼkidladi. Diplomat fikricha, ikki davlat o‘rtasida amalda strategik sheriklik shakllangan bo‘lib, u yangi loyiha va tashabbuslar bilan izchil boyitib borilmoqda.

Diplomat savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil ijobiy surʼatlarda rivojlanayotganini qayd etdi. U joriy yil yakunlariga ko‘ra Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi nafaqat 1 milliard AQSH dollariga yetishi, balki ushbu ko‘rsatkichdan oshishiga ishonch bildirdi.

“Navbatdagi strategik vazifa o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard AQSH dollariga yetkazishdan iborat. Mazkur maqsad yuksak marrani nazarda tutishiga qaramay, tomonlar o‘sishning yangi nuqtalari va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini izlamoqda”, dedi Aleksandr Ogorodnikov.

Shu bilan birga elchi o‘zaro hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritib, sanoat va agrosanoat kooperatsiyasini ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etdi. Uning baholashicha, Belarus ishlab chiqarish quvvatlarini O‘zbekistonda mahalliylashtirish katta imkoniyatlarni ochib beradi. Respublikaning ishlab chiqarish salohiyatidan samarali foydalanish hamda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish uchinchi davlatlar bozorlariga birgalikda chiqish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Diplomat transport-logistika salohiyatiga alohida to‘xtalib, Belarus va O‘zbekistonning dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyati mavjud emasligi ikki davlatni samarali transport yo‘laklaridan foydalanishga manfaatdor etayotganini taʼkidladi. Uning fikricha, global transport yo‘nalishlari transformatsiyalanayotgan sharoitda zamonaviy logistika infratuzilmasi iqtisodiy sheriklikni yana-da rivojlantirishning muhim omillaridan biriga aylanishi mumkin.

O‘z navbatida, Belarus iqtisodiyot vaziri Yuriy Chebotar ikki tomonlama hamkorlik izchil va jadal rivojlanayotganini yuksak baholab, so‘nggi 10 yil davomida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 13 baravar, xizmatlar savdosi hajmi esa 30 baravardan ortiq oshganini taʼkidladi.

“Bugungi kunda O‘zbekiston Belarus bilan tovarlar va xizmatlar bo‘yicha o‘zaro savdo hajmi jihatidan uchinchi, MDH davlatlari orasida Belarus investitsiyalarining jamg‘arilgan hajmi bo‘yicha esa ikkinchi o‘rinni egallaydi”, dedi u.

Vazir ustuvor yo‘nalishlar qatorida sanoat kooperatsiyasini alohida qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus texnologiyalar transferini taʼminlash hamda zamonaviy ish o‘rinlarini yaratishni nazarda tutuvchi qo‘shma loyihalarga investitsiya kiritishga tayyor.

Bundan tashqari, Yuriy Chebotar texnologiyalar, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, turizm va xizmatlar sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishdan Belarus manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Tadbir yakunida tomonlar hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdi hamda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi munosabatlarni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladigan amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishning samarali mexanizmi sifatida muntazam ekspertlar muloqotini davom ettirish muhimligini taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish