AQSh maʼmuriyati butun dunyo bo‘ylab viza suhbatlariga yozilishni to‘xtatdi

Avgust 26, 2026. 12:00 • 2 daq

20
AQSh maʼmuriyati butun dunyo bo‘ylab viza suhbatlariga yozilishni to‘xtatdi

VASHINGTON, 26-avgust. /“Dunyo” AA/. AQSh immigratsiya siyosati kuchaytirilishi fonida butun dunyo bo‘ylab viza olish uchun ariza topshiruvchilar bilan suhbat o‘tkazishga yozilishni to‘xtatdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.

AQSh Davlat departamenti vakilining maʼlum qilishicha, idora Amerika elchixonalari va konsulliklari xodimlarini o‘qitish bo‘yicha global dasturni ishga tushirgan. Shu munosabat bilan viza xizmatlari jadvallariga tuzatishlar kiritiladi.

Idora maʼlumotlariga ko‘ra, o‘quv mashg‘ulotlari konsullik xodimlariga AQShning davlat ijtimoiy nafaqalariga qaram bo‘lib qolishi mumkin bo‘lgan arizachilarni aniqlashga yordam berish hamda nomzodlarni har tomonlama va izchil baholashni taʼminlashga qaratilgan.

Bunga qadar “Financial Times” nashri ham suhbatga yozilish to‘xtatilgani haqida xabar bergan edi. Nashr maʼlumotiga ko‘ra, immigratsion viza uchun suhbat kuni belgilangan arizachilar uchrashuvning boshqa vaqtga ko‘chirilgani to‘g‘risida bildirishnoma olgan. Yangi sanalar keyinroq eʼlon qilinadi.

Vashington immigratsiya siyosatini qatʼiylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli kampaniya olib bormoqda. U deportatsiya qilish, viza va grin-kartalarni bekor qilish, turli asoslar, jumladan, siyosiy qarashlar tufayli hujjatlar berishni rad etish kabi choralarni o‘z ichiga oladi.

AQSh maʼmuriyatining bu siyosati sud to‘siqlariga duch keldi. O‘tgan hafta Amerika sudi 75 mamlakat fuqarolariga immigratsion vizalar berishni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorni bekor qildi. Bu qaror Davlat kotibi Marko Rubioning vakolat doirasidan chetga chiqishi deya baholandi.

Siyosatning qatʼiylashtirilishi nafaqat noqonuniy, balki qonuniy immigratsiyaga ham taʼsir ko‘rsatmoqda. Xususan, ayrim toifadagi ish vizalari uchun yangi va yuqoriroq yig‘imlar joriy etilayapti.

“Bloomberg” AA surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish