Armaniston Bosh vaziri mamlakatning KXSHTdan chiqarilishidan xursand bo‘lishini maʼlum qildi
Avgust 24, 2026. 16:30 • 2 daq
• 185
EREVAN, 24-avgust. /“Dunyo” AA/. Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakat yaqin besh yil ichida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT)ga qaytish niyatida emasligi va tashkilotning davlatni aʼzolikdan chiqarish haqidagi qarorini maʼqullashini bildirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Armenpress” axborot agentligiga tayanib.
“Agar tashkilot Armanistonni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan chiqarishga qaror qilsa, bundan juda xursand bo‘lardim. Har holda, bu bizni aʼzolikdan chiqish yoki chiqmaslik dilemmasidan xalos qilgan bo‘lardi”, – dedi Bosh vazir parlament yig‘ilishida.
Taʼkidlash joizki, Armaniston 2024-yil fevral oyida KXSHTdagi ishtirokini muzlatib qo‘ygan. Nikol Pashinyan buni ittifoqchilar 2021–2022-yillarda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagani bilan izohlagan edi.
Iyun oyida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Armanistonning ikki yildan buyon KXSHT byudjetiga aʼzolik badallarini to‘lamayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot nizomning tegishli moddasini qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
KXSHT Nizomining 20-moddasiga binoan, aʼzolik badallari bo‘yicha qarz ikki yilga cho‘zilgan taqdirda, tashkilot mazkur davlatning huquqlarini cheklashi, jumladan, qarz to‘liq to‘languniga qadar uni ovoz berish huquqidan mahrum qilishi mumkin.
KXSHT tarkibiga Rossiya, Belarus, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kiradi. O‘zbekiston 2012-yilda tashkilotdagi aʼzoligini to‘xtatgan va hozirda uning aʼzosi emas.
Parlament yig‘ilishida hukumat rahbari Armaniston hukumati yaqin orada Yevropa Ittifoqiga aʼzo bo‘lish uchun rasmiy ariza topshirish jarayonini boshlashi mumkinligini ham maʼlum qildi. 2025-yil mart oyida mamlakat Milliy majlisi Yevropa Ittifoqiga aʼzo bo‘lish jarayonini boshlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgan.
“Armenpress” AA surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi