“Agrobank” xizmatlarini xalqaro tajriba asosida rivojlantiradi va raqamli yechimlarni kengaytirish orqali yangi boshqaruv tizimini shakllantiradi
Aprel 20, 2026. 18:55 • 2 daq
• 2TOSHKENT, 20-aprel. /“Dunyo” AA/. “Agrobank” aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Anjumanda bank vakillari O‘zbekiston Prezidentitining “Qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati hamda ijrosini taʼminlashga qaratilgan ustuvor vazifalar haqida maʼlumot berdi.
Taʼkidlanishicha, ushbu qaror qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xizmatlar sifatini oshirish va sohani tubdan yangilashga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi. Bank xizmatlarini xalqaro tajriba asosida rivojlantirish va raqamli yechimlarni kengaytirish orqali yangi boshqaruv tizimini shakllantirish ko‘zda tutilgan.
Qarorga muvofiq, 2026-yilda Agrobank oldiga katta vazifalar qo‘yilgan. Jumladan, 25 trillion so‘m qo‘shimcha moliyaviy resurslarni jalb qilish, xorijiy manbalardan 600 million dollar va ichki manbalardan 18 trillion so‘m mablag‘ topish rejalashtirilgan.
Shuningdek, har bir hududda agroxizmat zonalari tashkil etiladi. Bu zonalarda fermerlarga nafaqat moliyaviy xizmatlar, balki agronomik maslahatlar, tuproq tahlili, suv va energiya tejovchi texnologiyalar, ko‘chat yetkazib berish kabi xizmatlar ham ko‘rsatiladi.
Tadbirda qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligida taʼlim va malaka oshirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Suvchilar maktabi” orqali har yili 10 ming nafar fermerni o‘qitish, “Fermerlar maktabi” onlayn platformasi orqali bilimlarni kengaytirish rejalashtirilgan.
Raqamli transformatsiya doirasida yangi texnologiyalar joriy etiladi. Xususan, qishloq xo‘jaligi monitoring markazi tashkil qilinib, ekin maydonlarini masofadan kuzatish, hosildorlikni prognoz qilish va kreditlardan samarali foydalanishni nazorat qilish imkoniyatlari yaratiladi.
Ayrim hududlarda pilot loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Masalan, Jizzax viloyatida bog‘dorchilik, Sirdaryo viloyatida esa chorvachilik sohasida sunʼiy intellektga asoslangan yechimlar sinovdan o‘tkazilmoqda.
Innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Agrobank” taʼsischiligida “Agro Ventures” jamiyati tashkil etilgan. U orqali yangi g‘oyalarni moliyalashtirish va amaliyotga joriy etish ishlari olib boriladi.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga bank mutaxassislari batafsil javob berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

