Nemis OAV: 2026-yil 1-yanvardan nufuzli “Gebrüder Weiss” kompaniyasi O‘zbekistonda ham ish boshladi
Yanvar 22, 2026. 12:46 • 2 daq
• 102BERLIN, 22-yanvar. /“Dunyo” AA./ Germaniya va Yevropaning logistika va transport sohasiga ixtisoslashgan “logistik-heute.de” va “transport-online.de” nashrlarida O‘zbekistonda “Gebrüder Weiss” kompaniyasi vakolatxonasi ochilgani haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, dunyoning yetakchi transport va logistika kompaniyalaridan biri bo‘lgan “Gebrüder Weiss” 2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistondagi vakolatxonasini mustaqil shoʻba korxonasi sifatida qayta tashkil etdi. Bu haqda kompaniyaning 15-yanvardagi rasmiy bayonotida maʼlum qilingan.
“Kompaniyaning ushbu qarori O‘zbekiston iqtisodiyotining jadal surʼatlar bilan rivojlanayotgani hamda mamlakatda samarali logistika yechimlariga bo‘lgan talabning ortib borayotgani bilan izohlanadi. Xususan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti (YIM) qariyb 7 foizga o‘sdi. Tahlilchilarga ko‘ra, 2026 va 2027-yillarda ham bu ko‘rsatkich saqlanib qolinishi kutilmoqda”, deb yozilgan nashrda.
Qayd etilishicha, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, taqdim etilayotgan soliq imtiyozlari xorijiy investorlar uchun jozibador muhit yaratib, sanoat, qishloq xo‘jaligi va tashqi savdo hajmining sezilarli darajada oshishiga xizmat qilmoqda. Yangi tashkil etilgan tuzilma Markaziy Osiyoga yirik hajmli qishloq xo‘jaligi va qurilish texnikalarini yetkazib berishga ixtisoslashgan xizmatlarni taklif etadi.
“Bugungi kunda O‘zbekistondagi ko‘plab kompaniyalar o‘z taʼminot zanjirlarini xalqaro bozorda yanada ishonchli va raqobatbardosh qilish vazifasi oldida turibdi. Xizmatlar doirasini kengaytirish orqali biz mahalliy va xalqaro hamkorlarimizni maqsadli qo‘llab-quvvatlaymiz”, deya taʼkidlaydi O‘zbekistondagi shoʻba korxona rahbari Komil Ernazarov.
“Gebrüder Weiss” kompaniyasining Qora dengiz va MDH davlatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Tomas Mozer O‘zbekistonning Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi yuk tashuvlarida strategik ahamiyati kuchayib borayotganini alohida qayd etadi. Xususan, O‘zbekiston tobora Yevrosiyo quruqlik yo‘nalishlarini mustahkamlovchi muhim bo‘g‘inga aylanib bormoqda. Kompaniya O‘zbekiston bozorining kelajagiga ishonadi va Markaziy Osiyodagi mijozlariga yuqori sifatli logistika jarayonlarini kafolatlaydi.
Taʼkidlanishicha, hozirda kompaniya Toshkentdagi o‘z jamoasi bilan quruqlikdagi tashuvlar hamda havo, dengiz va temir yo‘l orqali yuk tashish kabi xizmat turlarini taqdim etmoqda. Yaqin istiqbolda kompaniya o‘z xizmatlarini ombor logistikasi bilan to‘ldirishni rejalashtirgan. Bu O‘zbekistonning nafaqat tranzit xabi, balki Markaziy Osiyodagi yirik logistika markazi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


