Ashxoboddagi “Toshkent” bog‘ida o‘zbek milliy taomlari namoyishi bo‘lib o‘tdi
Aprel 20, 2026. 17:40 • 2 daq
• 9ASHXOBOD, 20-aprel. /“Dunyo” AA/. Turkmaniston poytaxtidagi “Toshkent” istirohat bog‘ida o‘zbek milliy taomlariga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Turkmanistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Ashxobod markazidagi so‘lim “Toshkent” bog‘i va shu nomdagi restoran nafaqat madaniy-gastronomik hudud, balki O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlarini bog‘lab turuvchi ko‘p asrlik do‘stlik, maʼnaviy yaqinlik hamda mushtarak qadriyatlarning yorqin timsoli ekani alohida taʼkidlandi.
Qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalariga asoslangan O‘zbekiston–Turkmaniston munosabatlari ikki davlat rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi va saʼy-harakatlari tufayli bugun yangi bosqichga ko‘tarilib, barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning iqtisodiy yutuqlari, sayyohlik salohiyati va xalq amaliy sanʼatini namoyish etuvchi ko‘rgazmalar ham tashkil etildi.
“Toshkent” restoranida o‘tkazilgan taqdimot mehmonlarga o‘zbekona mehmondo‘stlikni his qilish imkonini berdi. Ishtirokchilar o‘zbek palovi, somsa, sho‘rva va boshqa milliy taomlar hamda shirinliklardan bahramand bo‘ldi. Jonli ijrodagi o‘zbek va turkman ashula va raqslari tadbirga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
Ishtirokchilar “Toshkent” sayilgohida bu kabi madaniy tadbirlarning muntazam o‘tkazilishi mazkur maskan va undagi o‘zbek milliy taomlari restoranini nafaqat Ashxobod aholisi, balki poytaxt mehmonlari uchun ham jozibador va sevimli madaniy hordiq manzillaridan biriga aylantirishini eʼtirof etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



