O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi ilk bor 81 milliard dollardan oshdi
Yanvar 28, 2026. 14:16 • 2 daq
• 222
TOSHKENT, 28-yanvar. /“Dunyo” AA/. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi tarixda ilk bor 81,2 milliard dollarni tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, mamlakatimizning tashqi iqtisodiy faolligi barqaror o‘sish surʼatlarini namoyish etib, hamkor davlatlar geografiyasi sezilarli darajada kengaygan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston global taʼminot zanjirlarining faol va ishonchli ishtirokchisi sifatida o‘z mavqeini mustahkamlab, iqtisodiy taʼsir doirasini oshirib bormoqda.
Savdo aloqalarida Xitoy va Rossiya yetakchilikni saqlab qolmoqda — ushbu davlatlarning jami savdodagi ulushi 37 foizdan oshdi (Xitoy bilan 17,2 milliard dollar, Rossiya bilan 13 milliard dollar). Markaziy Osiyo mintaqasida Qozog‘iston 5 milliard dollarlik ko‘rsatkich bilan asosiy hamkor bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, Turkiya (3 milliard dollar), Janubiy Koreya va Afg‘oniston (har biri 1,7 milliard dollardan) bilan hamkorlik aloqalari sanoat kooperatsiyasi va transchegaraviy savdo hisobiga sezilarli darajada kuchaygan.
Yevropa yo‘nalishida Germaniya va Fransiya (har biri 1,4 milliard dollar) faol ishtirok etayotgan bo‘lsa, Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklari 1,3 milliard dollar natija bilan kuchli o‘ntalikni yakunlab berdi. Tahlilchilarning fikricha, bunday diversifikatsiyalangan savdo tuzilmasi O‘zbekiston iqtisodiyotining tashqi xavf-xatarlarga nisbatan barqarorligini taʼminlaydi va Janubiy Osiyo hamda Yaqin Sharq bozorlari bilan yangi iqtisodiy istiqbollarni ochadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
