Akramjon Ne’matov: Markaziy Osiyo va Ozarbayjon kelajagi bugun biz birgalikda barpo etayotgan istiqboldir

Oktabr 28, 2026. 16:30 • 6 daq

• 95
Akramjon Ne’matov: Markaziy Osiyo va Ozarbayjon kelajagi bugun biz birgalikda barpo etayotgan istiqboldir

TOSHKЕNT, 28-oktabr. /“Dunyo” AA/. Kecha poytaxtimizda “Yuksalish” umummilliy harakati va Konrad Adenauer jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan “Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yosh yetakchilari” mintaqaviy dasturining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

26–30-oktabr kunlari Toshkent va Buxoro shaharlarida o‘tkazilayotgan dastur davlat idoralari, parlamentlar, ilmiy-tahliliy markazlar va jamoat tashkilotlarining olti mamlakatdan kelgan 30 nafardan ortiq yosh vakillarini birlashtirdi. 

Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad kasbiy aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish hamda mintaqaviy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov bugungi global sharoitda mintaqaviy muloqot strategik ahamiyat kasb etib, barqaror taraqqiyot va barqarorlikni ta’minlash, umumiy muammolarga birgalikda javob qaytarishning muhim vositalaridan biriga aylanayotganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi dunyo xalqaro munosabatlarning deyarli barcha sohalarini qamrab olayotgan chuqur va tub o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Texnologiyalar, sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotning jadal rivojlanishi o‘sish va modernizatsiya uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatlarni ochmoqda. 

Shu bilan birga, geosiyosiy raqobat kuchayib, iqlim va demografik o‘zgarishlar jadallashmoqda, suv, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar keskinlashmoqda.

Hozirgi bosqichning o‘ziga xos jihati shundaki, ushbu jarayonlar bir vaqtning o‘zida kechmoqda, bir-biriga qo‘shilib, o‘zaro ta’sir orqali oqibatlarini yanada kuchaytirmoqda. Natijada yangi xatarlar va noaniqliklar yuzaga kelmoqda. Ayni paytda o‘zgarishlarga o‘z vaqtida moslasha oladigan davlatlar va mintaqalar uchun yangi imkoniyatlar ham kengaymoqda.

Xalqaro tartibning qayta shakllanishi an’anaviy ko‘p tomonlama mexanizmlarning ayrimlari samaradorligi pasayishi bilan kechmoqda. Ular inqirozlarni bartaraf etish va o‘zaro kelishilgan qarorlarni ishlab chiqishda tobora ko‘proq qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

“Bunday sharoitda umumiy ustuvor yo‘nalishlarni mustaqil belgilay oladigan, manfaatlarni muvofiqlashtiradigan va oldida turgan vazifalarni hal etish uchun sa’y-harakatlarni birlashtiradigan jipslashgan mintaqalar alohida ahamiyat kasb etadi”, – dedi SMTI vakili.

Ta’kidlanganidek, hech bir davlat zamonaviy transchegaraviy muammolarning butun majmuasiga yakka holda samarali qarshi tura olmaydi yoki yuzaga kelayotgan imkoniyatlardan to‘liq foydalana olmaydi. Mintaqaviy hamkorlik resurslar, bilim va texnologiyalarni birlashtirish, umumiy muammolarni esa birgalikdagi taraqqiyot omillariga aylantirish imkonini beradi.

Shu nuqtayi nazardan, A. Ne’matov so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda yuz bergan sifat jihatidan muhim o‘zgarishlarga alohida e’tibor qaratdi. Siyosiy iroda va davlatlar rahbarlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli o‘zaro ishonch mustahkamlandi, bir qator nozik masalalar hal etildi, transport aloqalari tiklandi, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar hamkorlik kengaydi.

Bugungi kunda mintaqaviy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu bosqichda milliy strategiyalarni o‘zaro uyg‘unlashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va umumiy iqtisodiy rivojlanish makonini shakllantirish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.

8-oktabr kuni Avaza shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari ham ushbu tendensiyaning muhim tasdig‘i bo‘ldi. Uchrashuvda sanoat, transport, energetika, raqamlashtirish, ekologiya va inson kapitalini rivojlantirish sohalarida hamkorlikning yangi istiqbollari belgilab olindi.

Ozarbayjonning ushbu jarayondagi ishtiroki Markaziy Osiyoning Kaspiybo‘yi mintaqasi va Janubiy Kavkaz bilan o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash, yangi transport yo‘nalishlari hamda ishlab chiqarish kooperatsiyasi aloqalarini shakllantirish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

A.Ne’matov qayd etganidek, mintaqaviy yaqinlashuv jarayonlarini barqaror va qaytmas tusga kiritish uchun hamkorlikning mustahkam intellektual, ta’limiy va ijtimoiy asosini shakllantirish zarur.

Jadal texnologik o‘zgarishlar sharoitida davlatlarning raqobatbardoshligi tobora ko‘proq inson kapitalining sifati, ta’lim darajasi, ilmiy salohiyat hamda innovatsiyalarni yaratish va joriy etish qobiliyati bilan belgilanmoqda. Shu bois zamonaviy bilim, kompetensiya va xalqaro hamkorlik ko‘nikmalariga ega yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash alohida ahamiyat kasb etadi.

SMTI vakili O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar va ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslariga, jumladan, Markaziy Osiyo yoshlar forumini o‘tkazish, innovatsion g‘oyalar bo‘yicha mintaqaviy tanlovlarni tashkil etish, akademik mobillikni rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish tashabbuslariga to‘xtaldi.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Avazadagi uchrashuvda ilgari surilgan Talab yuqori bo‘lgan kasblar va kompetensiyalarning mintaqaviy atlasini ishlab chiqish tashabbusiga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu tashabbus ta’lim tizimlarining iqtisodiyot tarmoqlariga bo‘lgan istiqboldagi ehtiyojlar bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlashga, avvalo, sanoat, energetika, transport, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va yashil iqtisodiyot sohalarida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.

“Yoshlarni nafaqat bugungi kun kasblariga, balki o‘n-yigirma yildan keyin iqtisodiyotlarimiz rivojini belgilaydigan kasblarga ham tayyorlashimiz zarur”, – dedi A.Ne’matov.

U hamkorlikning strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning ta’lim, fan, bilim va innovatsiyalar sohasidagi umumiy makonini shakllantirishni qayd etdi.

Bu borada universitetlararo aloqalarni kengaytirish, qo‘shma ta’lim va tadqiqot dasturlarini amalga oshirish, akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, yosh olimlar tarmoqlarini yaratish, texnologik startaplar va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilmoqda.

Bunday hamkorlik davlatlarning intellektual salohiyatini birlashtirib, raqamli transformatsiya va sanoatni modernizatsiya qilishdan tortib, suvni tejash, iqlim o‘zgarishiga moslashish hamda energetik barqarorlikni ta’minlashgacha bo‘lgan umumiy vazifalarni hal etish imkonini beradi.

Bundan tashqari, umumiy axborot va madaniy-gumanitar makonni rivojlantirish, tadqiqotchilar, davlat xizmatchilari, tadbirkorlar va jamoat arboblari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish ham muhim ahamiyatga ega.

A.Ne’matov mintaqa mamlakatlarining umumiy kelajak taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon xalqlarini ko‘p asrlik tarixiy, madaniy va ma’naviy aloqalar birlashtirib turadi. Biroq bugungi kunda har bir davlatning farovonligi qo‘shni mamlakatlarning barqarorligi va ravnaqiga tobora chambarchas bog‘liq ekanini anglash ham birdek muhimdir.

Mintaqaviy o‘zlikni anglash milliy o‘ziga xoslikdan voz kechishni anglatmaydi. Aksincha, u o‘zaro hurmat, madaniy xilma-xillikni asrab-avaylash va umumiy uzoq muddatli manfaatlarni anglash asosida shakllanishi lozim.

“Biz uchun nafaqat umumiy o‘tmishimizni yodda tutish, balki umumiy kelajagimiz borligini ham anglash muhim”, – dedi SMTI vakili.

Bunday yondashuvlarning amaliy ifodasi mintaqaviy almashinuv dasturlarida namoyon bo‘ladi. Ular bevosita muloqot, birgalikda ta’lim olish va bir-birining tajribasini o‘rganish orqali o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Jumladan, yosh yetakchilarning O‘zbekistonda bo‘lish dasturi Oliy Majlis palatalari, davlat organlari va IT-Park faoliyati, davlat va mahalliy boshqaruv amaliyoti bilan tanishishni nazarda tutadi. Buxoroda ishtirokchilar sanoat kooperatsiyasi, to‘qimachilik ishlab chiqarishi, tadbirkorlik va turizmni rivojlantirish tajribasini o‘rganadi, yosh deputatlar hamda ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashadi.

Shu tariqa, dastur siyosiy va ekspertlar muloqotini boshqaruv, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalardagi aniq amaliyotlarni o‘rganish bilan uyg‘unlashtirib, yangi kasbiy aloqalar va qo‘shma tashabbuslarni shakllantirish uchun sharoit yaratadi.

Tadbir yakunida A.Ne’matov davlatlar o‘rtasida erishilgan ishonchni nafaqat siyosiy kelishuvlarga, balki jamiyatlar, ilmiy va ta’lim muassasalari hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi mustahkam aloqalarga tayanadigan barqaror hamkorlik tizimiga aylantirish strategik vazifa ekanini ta’kidladi.

“Aynan yosh avlod mintaqaviy yaqinlashuv jarayonlarini chinakam barqaror va qaytmas jarayonga aylantirishga qodir. Markaziy Osiyo va Ozarbayjon kelajagi – bu bizni kutib turgan narsa emas, balki bugunoq birgalikda yaratayotgan kelajagimizdir”, – deya xulosa qildi SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish