O‘zbekiston va Buyuk Britaniya huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

Oktabr 28, 2026. 15:30 • 2 daq

• 78
O‘zbekiston va Buyuk Britaniya huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

LONDON, 28-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga tashrifi tashkil etildi , deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida mazkur mamlakat davlat organlari, sud tizimi va yetakchi oliy o‘quv yurtlari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Xususan, Shimoli-g‘arbiy mintaqa aksilterror politsiyasi, Qirollik prokuratura xizmati, Manchester Qirollik sudi va qator sohaviy tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Delegatsiya terrorizmga qarshi kurashish, tergov va sud tizimlarining tashkiliy asoslari hamda huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rgandi. Shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Dasturda guvohlar va jabrlanuvchilarga ko‘mak ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratilib, ularga amaliy va psixologik yordam ko‘rsatish tizimlari faoliyati o‘rganildi.

Tashrifning muhim yo‘nalishlaridan biri huquqni muhofaza qilish organlari uchun kadrlar tayyorlash va ta’lim sohasidagi hamkorlik bo‘ldi. Solford va Sharqiy London universitetlari, shuningdek, London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi vakillari bilan akademik tajriba almashish, ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Delegatsiya huquqni muhofaza qiluvchi idoralar uchun mutaxassislar tayyorlash jarayoni, tergov harakatlarini o‘tkazish uchun maxsus o‘quv poligonlari va virtual simulyatsiya dasturlari bilan yaqindan tanishdi.

O‘tkazilgan uchrashuvlar O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida huquqni muhofaza qilish faoliyatida tajriba almashish, prokurorlik va sud amaliyotini o‘rganish, guvohlar hamda jabrlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim imkoniyatlar yaratdi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish