“Tribune”: O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yirik shaharsozlik loyihalardan birini amalga oshirmoqda

May 25, 2026. 15:55 • 2 daq

478
“Tribune”: O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yirik shaharsozlik loyihalardan birini amalga oshirmoqda

OLMAOTA, 26-may. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning “Tribune” axborot-tahlil portalida “Yangi Toshkent: O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yirik shaharsozlik loyihalardan birini amalga oshirmoqda” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanishicha, bugungi kunda O‘zbekiston poytaxti Markaziy Osiyoning yirik megapolisi sifatida jadal kengayib bormoqda. Toshkent shahrining infratuzilmaviy yukini yengillashtirish va aholi uchun mutlaqo yangi, qulay yashash muhitini yaratish maqsadida davlat rahbari tashabbusi bilan Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida “Yangi Toshkent” shahri barpo etilmoqda.

Ushbu yirik loyiha nafaqat ko‘lami, balki zamonaviy arxitektura va “aqlli shahar” texnologiyalarini mujassam etgani bilan mintaqadagi eng yirik urbanistik tashabbus sifatida eʼtirof etilmoqda.

Nashrda yozilishicha, loyihaning birinchi bosqichi doirasida 60 ming nafar aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uy-joylar, maʼmuriy binolar, oliy taʼlim muassasalari, sog‘liqni saqlash maskanlari va madaniyat obyektlari qurilishi boshlangan. Yangi shaharning bosh rejasini ishlab chiqishga Buyuk Britaniya, Singapur va Germaniyaning dunyoga mashhur arxitektura va injiniring kompaniyalari jalb etilgan. Loyihada ekologik barqarorlik va “yashil texnologiyalar” ustuvor vazifa etib belgilangan. Shahar hududining qariyb 25 foizini bog‘lar, istirohat maskanlari va yashil hududlar tashkil etishi diqqatga sazovordir.

Qozog‘iston axborot portali “Yangi Toshkent”ning transport va ijtimoiy infratuzilmasiga ham alohida to‘xtalgan. Shaharda jamoat transportining yer usti va yer osti tizimlari uyg‘unlashgan holda rivojlantiriladi, piyodalar va velosipedchilar uchun maxsus yo‘laklar tarmog‘i yaratiladi. Maʼmuriy markazning ushbu hududga ko‘chirilishi esa eski shahardagi tirbandliklarni kamaytirishga va tarixiy markazni asrab qolishga xizmat qiladi.

“Tribune” ushbu ulkan bunyodkorlik loyihasini O‘zbekistonning zamonaviy iqtisodiy qudrati va kelajakka yo‘naltirilgan yuksak salohiyati ifodasi sifatida baholagan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish