Myunxenda vatandoshlar o‘rtasida ikkinchi “Zakovat” intellektual turniri bo‘lib o‘tdi
May 26, 2026. 12:55 • 2 daq
• 51MYUNXEN, 26-may. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning Myunxen shahrida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan Ikkinchi “Zakovat” intellektual turniri o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Germaniyadagi diplomatik missiyasi tashabbusi bilan Tashqi ishlar vazirligi, “Vatandoshlar” jamoat fondi, “Karavan e.V” o‘zbek-nemis madaniy jamiyati va “Zakovat” klubi hamkorligida tashkil etilgan ushbu yirik tadbirda 300 nafardan ortiq faol hamyurtimiz ishtirok etdi.
Germaniyaning turli hududlaridan kelgan, har biri 6 nafar bilimdondan iborat 20 ga yaqin jamoa tarix, madaniyat, ilm-fan va umumiy dunyoqarashga oid qiziqarli savollarga javob berish orqali o‘z intellektual salohiyatini namoyish etdi.
Anjumanning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va xorijda tahsil olishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida to‘xtaldilar.
“Vatandoshlar” jamoat fondi boshqaruvi raisi Odiljon Sattarov Germaniyadagi yurtdoshlar bilan istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi. Bahslar yakuniga ko‘ra, g‘oliblarga noutbuklar, ikkinchi o‘rin sohiblariga planshetlar, uchinchi o‘rin egalariga esa smartfonlar topshirildi. Shuningdek, mehmonlarga Fond jurnali hamda nemis tilidagi “100 fakt” bukleti taqdim etildi.
Tadbir doirasida “Karavan e.V.” jamiyati va “Vatandoshlar” fondi o‘rtasida Germaniyada milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilishga qaratilgan hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan gender tenglik siyosatini targ‘ib qilish maqsadida Germaniyadagi o‘zbek xotin-qizlar tashkilotlari rahbarlari bilan alohida uchrashuv o‘tkazildi. O‘zbekistondan tashrif buyurgan taniqli xonanda Botir Qodirov boshchiligidagi sanʼatkorlarning chiqishlari esa turnirga haqiqiy bayramona shukuh baxsh etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi










