AQSHda o‘zbekistonlik tadbirkor tashabbusi bilan vatandoshlar uchun zamonaviy o‘quv markazi ish boshladi
Aprel 19, 2026. 17:00 • 2 daq
•SENT-LUIS, 19-aprel. /“Dunyo” AA/. AQSHning Missuri shtati Sent-Luis shahrida yurtdoshimiz tashabbusi bilan yuk mashinalari haydovchilarini tayyorlashga ixtisoslashgan zamonaviy o‘quv markazi faoliyatini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur loyiha nafaqat biznes sohasidagi muhim qadam, balki ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning yorqin ifodasi sifatida eʼtirof etilmoqda. U xorijda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan izchil siyosatning yana bir amaliy natijasidir.
O‘zbekiston rahbari tomonidan xorijdagi vatandoshlar va biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar, Vashington shahrida o‘tkazilgan yuqori darajadagi uchrashuvlar ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi.
Bugungi kunda ushbu kelishuvlarning amaliy samaralari aniq loyihalar misolida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan mazkur markaz xalqaro transport-logistika sohasida yuqori malakali haydovchilarni tayyorlashga xizmat qiladi. Bu yerda tinglovchilar nafaqat yuk mashinasini boshqarish, balki logistika tizimining muhim jihatlari – yukni to‘g‘ri taqsimlash, hajm va og‘irlik meʼyorlariga rioya etish, raqamli hujjatlar bilan ishlash hamda zamonaviy xavfsizlik talablariga amal qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.
Ushbu loyiha O‘zbekistonning iqtisodiy diplomatiyasi xalqaro maydondagi samarali natijalaridan biri bo‘lib, mamlakatimizning ijobiy imijini mustahkamlash, shuningdek, global mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


