O‘zbekiston va Germaniyaning Gessen federal yeri o‘rtasida migratsiya sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Aprel 14, 2026. 10:36 • 2 daq
• 83
FRANKFURT-MAYN, 14-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi vakillari Gessen federal yeri mehnat, integratsiya, yoshlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha davlat vaziri Xayke Xofmann bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Germaniya munosabatlarining bugungi holati va ularni mintaqaviy darajada rivojlantirish istiqbollari, migratsiya, mehnat bozori, ijtimoiy himoya, migrantlar integratsiyasi va yoshlar siyosati sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Germaniyada bo‘lib turgan hamyurtlarimizni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularning huquqiy va ijtimoiy himoyasi, bandligi va moslashuviga ko‘maklashish maqsadida mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Muloqot davomida Xayke Xofmann Gessen yerining bir qator shaharlarida mehnat migrantlariga bepul maslahatlar va ish topishda yordam beruvchi “Welcome Center” markazlari faoliyat bilan tanishtirdi.
Shuningdek, Germaniyadagi demografik o‘zgarishlar hamda keksalarga g‘amxo‘rlik qilish, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy kasblar bo‘yicha mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojning ortib borayotgani sababli O‘zbekistondan malakali kadrlarni jalb etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi