Haj–2026: Saudiya Arabistonida yangi tartib va cheklovlar joriy etildi
Aprel 19, 2026. 16:30 • 2 daq
• 83
AR-RIYOZ, 19-aprel. /“Dunyo” AA/. Caudiya Arabistoni Podshohligi hukumati tomonidan “Haj–2026” mavsumiga tayyorgarlik doirasida ziyoratchilar xavfsizligi va tartib-intizomni taʼminlashga qaratilgan yangi qoidalar joriy etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur choralar, avvalo, muqaddas shahar – Makka hududiga kirishni qatʼiy nazorat qilishga qaratilgan.
Yangi qoidalarga ko‘ra, 2026-yil 13-apreldan boshlab Makkaga kirish faqat maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
Faqat Makkada yashash uchun rasmiy hujjatga ega bo‘lganlar, rasmiy Haj ruxsatnomasi bor shaxslar, “Tasrih”, “Abshir Afrad” va “Bavvaba Muqim” platformalari orqali elektron shaklda berilgan maxsus ishlash ruxsatnomasiga ega xodimlarga kirishga ruxsat beriladi.
Shu bilan birga, 2026-yil 18-apreldan boshlab barcha turdagi vizalar egalari uchun (Haj vizasidan tashqari) Makkaga kirish va u yerda bo‘lish taqiqlanadi.
Umra vizasi bilan kelgan ziyoratchilar uchun mamlakatdan chiqib ketishning so‘nggi muddati 2026-yil 18-aprel etib belgilandi. 18-apreldan 31-mayga qadar Umra uchun ruxsatnomalar berish vaqtincha to‘xtatiladi.
Bu choralar Haj mavsumi davomida ortiqcha yuklama va tartibsizliklarning oldini olishga qaratilgan.
Saudiya tomoni qoidalarga amal qilmagan shaxslarga nisbatan jiddiy jazo choralari belgilanganini maʼlum qildi. Jumladan, Haj mavsumida talab etilgan tartib va ko‘rsatmalarni buzgan hamda ularni buzilishiga sabab bo‘ladigan shaxslarning har biri 20 ming saudiya riali (5,5 ming AQSH dollar)gacha jarimaga tortiladi.
18-apreldan 31-mayga qadar noqonuniy ravishda ziyoratchilarni tashish, yashirish yoki yordam berish holatlari uchun 100 ming saudiya riali (26,5 ming AQSH dollar)gacha jarimaga sabab bo‘ladi. Qoidabuzarlar deportatsiya qilinib, 10 yilgacha mamlakatga kirishi taqiqlanishi mumkin. Noqonuniy tashuvlarda foydalanilgan transport vositalari musodara qilinadi.
Saudiya Ichki ishlar vazirligi barcha fuqarolar va ziyoratchilarni belgilangan qoidalarga qatʼiy rioya qilishga chaqirmoqda. Qoidabuzarlik holatlari haqida xabar berish uchun maxsus aloqa raqamlari ishga tushirilgan. Fuqarolar Makka mintaqasidagi 911 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, qoidabuzarlar haqida xabar berishi mumkin.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston fuqarolariga Haj ziyoratini faqat rasmiy va qonuniy tartibda amalga oshirish tavsiya etiladi. Ruxsatnomasiz safar qilish nafaqat moliyaviy jarimalarga, balki deportatsiya va uzoq muddatli taqiqlarga olib kelishi mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi