Asosiy kuch va e’tibor sharoiti og‘ir tuman va mahallalarga qaratiladi
Yanvar 23, 2026. 19:34 • 7 daq
• 24
TOSHKENT, 23-yanvar. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar yuzasidan bugun videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi yig‘ilish avvalida 2025-yil yakunlariga qisqacha to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan yilda iqtisodiyotimiz dastlabki prognozlarga nisbatan ancha yuqori sur’atlarda 7,7 foizga o‘sib, yalpi ichki mahsulot hajmi 147 milliard dollardan oshdi. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida o‘sish sur’atlari 2024-yilga nisbatan yuqori bo‘ldi. Jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 43 milliard dollarga, eksport esa 33,8 milliard dollarga yetdi.
Yuqori iqtisodiy faollik va o‘sib borayotgan iste’mol talabiga qaramasdan, inflyatsiya darajasi 2024-yildagi 9,8 foizdan 7,3 foizga pasaydi.
– Iqtisodiy o‘sish qanchalik barqaror bo‘lsa, infratuzilmani yaxshilashga shunchalik ko‘proq mablag‘ yo‘naltirish mumkin bo‘ladi. Bu esa pirovardida bandlikni ta’minlash, daromadlarni oshirish va aholi turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari ortda qolgan bir yilda 366 ming oila kambag‘allikdan chiqqani, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlik esa 5,5 foizdan 4,8 foizga tushganini qayd etdi.
– Bularning barchasi islohotlarimiz samarasi bo‘lib, davlat va xalq o‘rtasidagi ishonch tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Lekin hali oldimizda qiladigan ishlarimiz juda ko‘p, – dedi Prezident.
Qayd etilganidek, mahalla islohotlar qayerda ishlayapti, qayerda to‘xtayapti degan savollarga aniq javob berib beradigan asosiy bo‘g‘in hisoblanadi. Agar mahallada ishsiz odam yoki kambag‘al oila saqlanib qolayotgan bo‘lsa, demak, islohot o‘sha joyga yetib bormagan. Agar “yettilik” tizimi aholi muammosini hal qila olmayotgan bo‘lsa, demak, tizim ishlamayapti.
– Imkoniyat bor, mablag‘ bor, qaror va dasturlar bor. Yetishmayotgan narsa – mas’uliyat va shaxsiy javobgarlik, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz mavjud imkoniyatlarni ishga solishda hokimlar va “mahalla yettiligi”da metodik bilim va amaliy tajriba yetishmayotgani, mas’ul vazirlik va idoralar esa ularga yetarli darajada ko‘maklashmayotganini tanqid qildi.
Mutasaddilarga bir oy muddatda ishsizlik va kambag‘allik yuqori bo‘lgan mahallalar imkoniyatlarini o‘rganib, eng yaxshi tajribalar asosida metodik qo‘llanma ishlab chiqish topshirildi. Hokimlar esa joylarda uning ijrosini ta’minlab, aholini ish bilan ta’minlash, daromadini oshirish va ularni qiynayotgan masalalarga aniq yechim topish uchun shaxsan mas’ul bo‘ladi.
Yig‘ilishda joriy yil uchun 1 million nafar aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘allikdan xoli mahallalarning sonini 2,5 barobar oshirib, 3,5 mingtaga yetkazish, ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizga tushirish vazifalari belgilab olindi.
Yig‘ilishda “og‘ir” tuman va mahallalarda aholini ish bilan ta’minlash va daromadini oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Avvalo, bunday hududlarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash zarurligi qayd etildi.
Shu maqsadda 903 ta mahallaning har birida quvvati 300 kilovatt bo‘lgan kichik quyosh elektr stansiyalari qurilib, mahallalarga “begharaz aktiv” sifatida beriladi. Ushbu stansiyalar hisobidan har bir mahallada 400-500 million so‘m qo‘shimcha daromad keltiradigan “iqtisodiy aktiv” shakllantiriladi.
Olinadigan “yashil” daromadlar “yashil” chora-tadbirlarni amalga oshirishga, xususan, ehtiyojmand xonadonlarni energiya tejamkor ta’mirlash, elektr xarajatlarini kamaytirish va turmush sifatini yaxshilashga yo‘naltiriladi. Quyosh stansiyalarining ekspluatatsiya qilish ishlariga mazkur mahallalarda yashovchi kambag‘al oilalar a’zolari ishga jalb qilinadi.
Bu ishlar ixtisoslashuv darajasi yuqori bo‘lgan yana 1 mingta ilg‘or mahallada ham amalga oshiriladi. Kichik quyosh stansiyalari tayyor holda 7 yil muddatga mahallalarga foizsiz lizing asosida beriladi.
Prezidentimiz ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishda mahallalarning ixtisoslashuvini yanada chuqurlashtirish hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Bugungi kunda 903 ta “og‘ir” mahallada 100 ming gektar tomorqa va ijara yerlari mavjud. Agar hokimlar “mahalla yettiligi” bilan birgalikda suv ta’minotini yaxshilab, urug‘-ko‘chat bilan ta’minlab, ixtisoslashuvni tizimli yo‘lga qo‘ysa, aholi daromadi va turmush sharoitida keskin o‘zgarish qilishi mumkinligi ta’kidlandi.
Mahallalarda ixtisoslashuvni rag‘batlantirish maqsadida qo‘shimcha moliyaviy mexanizmlar joriy etiladi. Xususan, tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari uchun sertifikatlangan ko‘chatlarni xarid qilish xarajatining 50 foizi budjet hisobidan qoplab beriladi. Meva turiga qarab, “shpaler”lar uchun 20 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Tomorqada tomchilatib sug‘orishni joriy qilganlarga har 1 sotix uchun 160 ming so‘m kompensatsiya to‘lanadi.
Agar usta dehqonlar mahalladagi har 10 ta xonadonda eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘ysa, 2 million so‘m, agar buni tomorqasi bor xonadonlarning kamida 30 foizida amalga oshirsa, qo‘shimcha ravishda 75 million so‘mdan mukofot oladi.
Shuningdek, joriy yilda 2 ming gektar o‘rmon yerlari 4 ming kambag‘al oilaga 50 sotixdan tutzor barpo etish uchun 10 yilga bepul ajratiladi. Pillachilik kooperatsiyasini tashkil etish uchun ehtiyojmand oilalarga 4 million so‘mdan subsidiya, uyida pilla yetishtirish istagida bo‘lganlarga esa xonadonni jihozlash va uskuna xaridi uchun 20 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi.
Yig‘ilishda joriy yilda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion so‘m kredit ajratilishi belgilangani qayd etildi.
– Ochig‘ini aytish kerak, hozir banklar barcha tuman va shaharlarga bir xil shartda kredit taklif qilyapti. Lekin Olmazor bilan Bo‘zatovning imkoniyati va sharoiti bir xil emas. Shu bois, 37 ta “og‘ir” tumanda “oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida kreditlar 12 foizdan beriladi, – dedi Prezidentimiz.
Barcha tumanlarda “oilaviy tadbirkorlik” bo‘yicha imtiyozli kreditning eng yuqori miqdori 1,5 barobar oshirilib, 50 million so‘mga yetkaziladi. Import qilingan va sertifikatlangan nasliy chorva uchun 100 million so‘mgacha, uy mehmonxonasi, kichik muzlatkich, mahsulotni saqlash va qayta ishlash minitexnologiyalari uchun esa 150 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.
Chegara va anklav hududda joylashgan 563 ta mahalladagi tadbirkorlik loyihalarining kredit miqdori 1 milliard so‘mgacha oshiriladi. Bu maqsadda “oilaviy tadbirkorlik” dasturlariga rejalashtirilgan 3,6 trillion so‘mga qo‘shimcha ravishda yana 2 trillion so‘m resurs yo‘naltiriladi.
Mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish uchun joriy yil banklar tomonidan jami 17 trillion so‘m kredit ajratiladi. Bunda mahsulot yetishtirishga olingan kreditning 4 foizi, uni qayta ishlash loyihalarida esa 6 foizi kompensatsiya qilib beriladi.
Hokim yordamchilarining ishini “loyihaviy yondashuv” asosida tashkil qilish zarurligi qayd etildi.
Har bir tuman kesimida “loyihaviy yondashuv” asosida amalga oshiriladigan loyihalar portfeli shakllantiriladi. “Og‘ir” mahallalardagi bo‘sh yer uchastkalari va davlat obyektlarining boshlang‘ich narxini 2-3 barobarga pasaytirib, ularni sotuvga chiqarish amaliyoti joriy etiladi.
Ish o‘rni yaratish va aholi daromadini oshirish bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgan 100 ta “og‘ir” mahallaga 1 milliard so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi. Mazkur mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari Xitoy, Turkiya, Koreya va Malayziya kabi davlatlarga bir oylik malaka oshirish kurslariga yuboriladi.
Misol sifatida Olmazor tumanidagi “Kaykovus” kanali bo‘ylab amalga oshiriladigan loyiha keltirildi. Ushbu kanalning 2 kilometr qismi “Eski shahar” hududidagi 8 ta mahalladan o‘tadi. Endi mazkur mahallalardagi hokim yordamchilari yagona “loyiha guruhi”ga birlashib, yaxlit konsepsiya asosida kanal bo‘yida savdo, servis va dam olish infratuzilmasini rivojlantirish ishlarini amalga oshiradi.
Xuddi shu tartibda turizm, ta’lim, tibbiy xizmatlar, renovatsiya, ko‘l bo‘ylari va gavjum ko‘chalar bo‘yicha ham hokim yordamchilaridan iborat maxsus “loyiha guruhlari” tashkil etiladi.
“Mahalla yettiligi” faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha poytaxtda yo‘lga qo‘yilgan tajriba endilikda barcha tuman va shaharlarda ham joriy etiladi. Bundan buyon hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi mahalla raisi taqdimnomasi asosida tuman hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod qilinadi.
Davlatimiz rahbari yana bir muhim masalaga e’tibor qaratdi. Mamlakatimizda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha keng ko‘lamli tadbir boshlangani qayd etildi.
Hozirga qadar jami 7 million 613 ming xonadondan 4 million 776 mingtasi ro‘yxatdan o‘tgan. Biroq ushbu jarayon Toshkent shahri, Farg‘ona, Surxondaryo, Buxoro va Toshkent viloyatida sust kechayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
– Bu kabi muhim tadbir mamlakatimizda so‘nggi 37 yil ichida birinchi marta o‘tkazilmoqda. Ro‘yxatga olish har bir mahalla va har bir oilaning real holatini aniqlash, kelgusi rejalarni shu asosda belgilash, eng muhimi, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan samarali mexanizmlarni joriy etishga xizmat qiladi, — dedi Prezidentimiz va barcha yurtdoshlarimizni ro‘yxatga olish tadbirida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Yig‘ilishda tuman hokimlari, mahalla raislari va hokim yordamchilarining hisobotlari hamda takliflari tinglandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
