Pokiston OAV: Termiz muloqoti Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi strategik maydonga aylanmoqda

Iyun 05, 2026. 00:25 • 3 daq

68
Pokiston OAV: Termiz muloqoti Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi strategik maydonga aylanmoqda
Pokiston OAV: Termiz muloqoti Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi strategik maydonga aylanmoqda

ISLOMOBOD, 4-iyun. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Daily Independent”, “Infora News”, “The World News”, “Sub News” kabi nashrlarida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matovning 4–6-iyun kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi mazmun-mohiyati va ahamiyati haqidagi fikr-mulohazalari e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrlarda qayd etilishicha, Akramjon Ne’matov Termiz muloqotining kun tartibi juda kengligi, ishtirokchilari tarkibi esa inklyuziv xususiyatga ega ekanini ta’kidlagan.

“Bu yilgi uchrashuvimiz Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) bilan sheriklikda tashkil etilmoqda. Bu bejiz emas, albatta, zero OHICHKning asosiy vazifasi Osiyoda ishonch choralarini mustahkamlashdan iborat. Muloqotda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi hamda BMTning Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi ham faol qatnashmoqda”, – degan u.

Shuningdek, geografik jihatdan Markaziy va Janubiy Osiyoda joylashgan davlatlar bilan bir qatorda, Yevroosiyo makonidagi barcha mamlakatlar, qolaversa, undan tashqaridagi davlatlar ham muloqotning to‘laqonli ishtirokchilari va manfaatdor tomonlari hisoblanishi ta’kidlangan. Buni Ozarbayjon, Buyuk Britaniya, Germaniya, Qatar, Xitoy, Rossiya, Turkiya, AQSH, Shveysariya va boshqa davlatlardan tashrif buyurayotgan delegatsiyalar tarkibi yaqqol tasdiqlaydi.

Termiz muloqotining o‘zi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan global tashabbusining amaliy ifodasidir.

SMTI vakilining ma’lum qilishicha, muloqot keng ko‘lamli uch kunlik forum bo‘lib, uning dasturi an’anaviy yalpi majlislar doirasidan ancha keng.

“Biz nazariy muloqotni amaliy natijalar bilan uyg‘unlashtirishga intilamiz. Asosiy sessiyalardan tashqari, dastur doirasida qator muhim qo‘shimcha tadbirlar rejalashtirilgan. Xususan, tadbir doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlik, Afg‘oniston–O‘zbekiston–Pokiston yo‘nalishida muloqotni yo‘lga qo‘yish, Markaziy Osiyoda mintaqaviy o‘ziga xoslik masalalari, tinchlikparvarlik va barqaror rivojlanish mavzusida yoshlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga bag‘ishlangan ekspert va akademik munozaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan”, – deya qayd etgan ekspert.

Ushbu muhokamalarning asosiy maqsadi konstruktiv hamkorlik kun tartibini ilgari surish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikning uzoq muddatli mexanizmlarini shakllantirish uchun ekspert-tahliliy hamda intellektual salohiyatni ishga solishdan iborat.

Mutaxassisning fikricha, Termiz muloqoti arafasida O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatga integratsiyaning yangi va chuqur o‘ylangan yondashuvini taklif etmoqda. Bu faqat temiryo‘llar qurish yoki elektr tarmoqlarini rivojlantirish kabi texnik loyihalar bilan cheklanmaydi. Asosiy g‘oya shundaki, infratuzilma xalqlar va davlatlarni bog‘lab turgan umumiy tarixiy, madaniy va ma’naviy aloqalarning amaliy ifodasi sifatida qaralmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish