Ispaniya matbuoti: Termiz muloqoti Yevroosiyoda yangi hamkorlik arxitekturasini shakllantirmoqda
Iyun 04, 2026. 14:25 • 2 daq
• 54
MADRID, 4-iyun. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning “El Mundo Financiero” portalida O‘zbekistonning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashdagi ortib borayotgan roli va Termez muloqotining ahamiyatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, jahon geoiqtisodiy arxitekturasi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan sharoitda Markaziy Osiyo Yevroosiyoning eng yirik bozorlari o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bunda O‘zbekistonning transport yo‘laklarini rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va mintaqaviy muloqotni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslariga alohida e’tibor qaratilgan.
Termiz muloqoti Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasida tinchlik, ishonch va barqaror rivojlanishning umumiy makonini shakllantirishda muhim mexanizmga aylanayotgani alohida ta’kidlanmoqda.
Ispaniya nashri Toshkent tomonidan ilgari surilayotgan transport bog‘liqligi loyihalariga, shu jumladan, istiqbolda Markaziy Osiyo va Hind okeani portlari o‘rtasidagi eng qisqa quruqlik yo‘nalishini ta’minlash imkonini beruvchi Transafg‘on temir yo‘li qurilishiga alohida urg‘u bergan. Maqola muallifining baholashicha, bu kabi tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishi xalqaro transport yo‘llarini diversifikatsiya qilishga va butun mintaqaning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Maqolada Termiz muloqotiga nisbatan ortib borayotgan xalqaro qiziqish O‘zbekistonning mintaqaviy diplomatiya markazlaridan biri hamda Yevroosiyo makonida hamkorlikning yangi arxitekturasini shakllantirish jarayonlarining muhim ishtirokchisi sifatidagi mavqei ortib borayotgani tan olinayotganidan dalolat berishi qayd etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

“Eureporter”: Belgiyaning Toshkentda elchixona ochishi O‘zbekiston va Yevropa hamkorligining yangi bosqichga ko‘taradi

“Business Central Asia”: O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yetakchi investitsiya xabi maqomini mustahkamlamoqda


