Misr OAV: O‘zbekiston va Iordaniya investitsiyaviy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni kengaytirmoqda

Noyabr 18, 2026. 17:20 • 2 daq

• 87
Misr OAV: O‘zbekiston va Iordaniya investitsiyaviy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni kengaytirmoqda
Misr OAV: O‘zbekiston va Iordaniya investitsiyaviy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni kengaytirmoqda
Misr OAV: O‘zbekiston va Iordaniya investitsiyaviy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni kengaytirmoqda

QOHIRA, 18-noyabr. /“Dunyo” AA/. Misrning “Liga Hispano-Árabe” va “See.news” elektron nashrlarida O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi iqtisodiy hamda madaniy aloqalarning rivojlanishiga bag‘ishlangan uchta maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“See.news” portalining “O‘zbekiston va Iordaniya iqtisodiy sheriklikning yangi bosqichiga o‘tmoqda” sarlavhali maqolasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 23–24-noyabr kunlari Iordaniyaga amalga oshirishi rejalashtirilgan tashrifiga alohida e’tibor qaratilgan.

Ta’kidlanishicha, ikki mamlakat munosabatlaridagi yangi bosqich 2025-yil avgust oyida Iordaniya Qiroli Abdalla II ning O‘zbekistonga davlat tashrifidan so‘ng boshlangan bo‘lib, Samarqandda 15 ta ikki tomonlama hujjat imzolangan edi. 2017–2025-yillarda tovar ayirboshlash hajmi 850 ming dollardan 8,53 million dollargacha o‘sgan, 2025-yilda esa O‘zbekiston birinchi marta 2,31 million dollarlik ijobiy saldoga erishdi. Bunda oziq-ovqat mahsulotlari O‘zbekistonning Iordaniyaga eksportining 94,2 foizini tashkil etdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Iordaniyaning O‘zbekiston eksport salohiyatiga ega bo‘lgan tovar guruhlari bo‘yicha importi qariyb 8,9 milliard dollarni yoki umumiy importning 31 foizini tashkil etadi. Ayni paytda O‘zbekistonda iordaniyalik kapital ishtirokidagi 18 ta korxona faoliyat yuritmoqda (4 ta qo‘shma va 14 ta to‘liq Iordaniya kapitaliga ega korxona). 

Nashr to‘qimachilik, mineral o‘g‘itlar, farmatsevtika, Aqaba porti orqali logistika, suv xo‘jaligi va ziyorat turizimni istiqbolli sohalar sifatida qayd etgan. Shuningdek, 2026-yil noyabr oyida Ammonda biznes-forum va ko‘rgazma o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

“Liga Hispano-Árabe” hamda “See.news”da nashrlarida ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikka bag‘ishlangan maqolalar chop etilgan. Xususan, iordaniyalik delegatsiyalarning 2021-yilda Xivadagi xalqaro madaniy forum, “Lazgi”, Zomindagi maqom san’ati, “Sharq taronalari” va Xivadagi baxshichilik festivallarida, shuningdek, 2025-yilda “Samarqand – Islom olami madaniy poytaxti” tadbirlarining ochilish marosimida ishtirok etgani e’tirof etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish