“The World News”: O‘zbekiston va O‘mon strategik muloqotdan amaliy natijalarga o‘tmoqda
Noyabr 17, 2026. 20:00 • 3 daq
• 50
ISLOMOBOD, 17-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The World News” nashrida O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi hamkorlik aloqalariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqola muallifining ta’kidlashicha, zamonaviy xalqaro hamkorlik ko‘plab uchrashuvlar va imzolangan hujjatlar soni bilan emas, balki aniq natijalar – tashkil etilgan korxonalar, sotuv bozorlarining kengayishi, transport xarajatlarining kamayishi hamda aholi uchun yangi imkoniyatlarning yaratilishi bilan baholanadi. Ayni shu nuqtayi nazardan, bugun O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Ikki mamlakatning ustunliklari ko‘p jihatdan bir-birini to‘ldiradi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning ishlab chiqarish va transport markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlab bormoqda. O‘mon esa Hind okeani yo‘nalishlarida rivojlangan port infratuzilmasi, xalqaro investitsiyalar sohasidagi tajriba hamda Fors ko‘rfazi mamlakatlari bozorlariga chiqish imkoniyatlariga ega.
Ushbu hamkorlik mahsulot ishlab chiqarishdan tortib, uni yakuniy iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan keng qamrovli ishlab chiqarish va logistika zanjirlarini shakllantirish imkonini beradi.
Nashrda yozilishicha, hamkorlikning ko‘zga ko‘ringan natijalaridan biri logistika sohasidagi bitimning amalga oshirilishi bo‘ldi. Xususan, “Asyad Group” kompaniyasi “Orient Group” va “UzOman” ishtirokidagi bitim doirasida O‘zbekistonning ikkita logistika platformasi – “Universal Logistics Services” va “Highway Logistics Center” kompaniyalarining nazorat paketlarini sotib olganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, maqolada O‘monning Duqm, Sohar va Salala portlari o‘zbekistonlik eksportchilarning transport imkoniyatlarini kengaytirishi mumkinligi qayd etilgan.
Muallif iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, resurslardan mas’uliyatli foydalanish va texnologik yangilanish “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda O‘monning “Oman Vision 2040” dasturida muhim o‘rin tutishini ta’kidlagan.
Har ikki mamlakat uchun quruq iqlim, suv tanqisligi va iqlimiy xavf-xatarlarning ortishi dolzarb masalalar hisoblanadi. Shu bois ekologik kun tartibi diplomatik munosabatlarning ikkinchi darajali yo‘nalishi emas, balki iqtisodiy barqarorlikning muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda.
2026-yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan “Oman Climate Week” tadbiri doirasida ikki mamlakat vakillari suvni chuchuklashtirish va qayta ishlatish, sho‘rga chidamli qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ekotizimlarni tiklash, yoshlar o‘rtasida ilmiy almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish hamda cho‘llanish jarayonlari haqida erta ogohlantirish masalalarini muhokama qildi.
Maqola yakunida O‘zbekiston va O‘mon uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishda keng ko‘lamli kelishuvlar doirasida amaliy ahamiyatga ega loyihalarni belgilayotgani qayd etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi