Bahrom Abduhalimov: Xorijdagi kimoshdi savdolarida mingga yaqin qo‘lyozma sotib olinib, yurtimizga qaytarilgan
Mart 20, 2026. 11:39 • 3 daq
• 37
TOSHKENT, 20-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov “Dunyo” AA muxbiri bilan suhbatda Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
– Xalqimiz, umuman, butun islom olami kutayotgan muhim voqea yuz berdi: yurtimizda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rasman ish boshladi. Muborak Ramazon oyining saodatli kunlarida ushbu muhtasham majmuaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti ham ishtirok etib, nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida, avvalo, Markazni tashkil etish tarixiga batafsil to‘xtalib, uni ta’sis etish tashabbusi BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida rasman bildirilganini eslatdi. Shuningdek, amalga oshirilgan ishlar bosqichlari va bugungi kungacha erishilgan natijalar haqida fikr bildirdi.
Besh bo‘limdan iborat Islom sivilizatsiyasi markazi uch ming yillik tarixga ega ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga, uning ahamiyati nafaqat ko‘lami, arxitekturasi va dizayni bilan, balki uning asosida yotgan chuqur ilmiy konsepsiya bilan ham belgilanishini ta’kidlash lozim.
Prezidentimiz istiqboldagi vazifalarga ham alohida to‘xtalib o‘tdi: “Bu – ulkan islohotlarimizning boshlanishi, debochasi, xolos. Eksponatlarni qaytarish, yangi ko‘rgazmalar tashkil etish bo‘yicha hali ko‘plab loyihalarni amalga oshirishimiz kerak. Va, bu ishni bugundan boshlash zarur”.
Alohida ta’kidlash kerakki, o‘tgan qisqa davrda salmoqli natijalarga erishildi. Markazda qator ilmiy ishlanmalar va rekonstruksiyalar amalga oshirildi. Masalan, Abu Rayhon Beruniyning globusi qayta yaratildi. O‘z davrida olim uni batafsil tasvirlab bergan, ammo bunday globus ilgari yaratilmagan. O‘zbek tadqiqotchilari olimning bizgacha yetib kelgan asarlari asosida uni qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Bundan tashqari, mingga yaqin qo‘lyozma xorijiy kimoshdi savdolarida sotib olinib, yurtimizga qaytarilgan.
Markazning asosiy vazifasi haqida gapirganda, shuni ta’kidlash kerakki, u, avvalo, xalqimizga, yoshlarimizga qaratilgan. Uni ziyorat qilgan har bir O‘zbekiston fuqarosi o‘z tarixi, madaniy merosi va buyuk ajdodlari bilan faxrlanadi. Qolaversa, bu shunchaki faxr tuyg‘usi emas, balki harakatga, mamlakat taraqqiyoti va farovonligiga hissa qo‘shishga intilishga undaydigan rag‘batdir.
Islomning ma’rifat, tinchlik, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamkorlikka da’vat etuvchi din sifatidagi asl mohiyatini namoyish etish ham Markazning asosiy vazifalari sirasiga kiradi.
Umuman olganda, Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi O‘zbekistonning o‘tmishi, buguni va kelajagini birlashtiruvchi, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy-ma’rifiy platformaga aylanganini ta’kidlash mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi