O‘zbekiston elchisi Hindiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari bilan uchrashdi
Mart 20, 2026. 10:00 • 2 daq
• 88
DEHLI, 20-mart. /“Dunyo” AA/. Dehlida O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sibi Jorj bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari, jumladan, ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini o‘tkazish, shuningdek, turli darajadagi bo‘lajak tashriflar jadvalini muhokama qildi.
Iqtisodiy diplomatiyaga alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 14-yig‘ilishini tashkil qilish bo‘yicha kelishib olindi.
Hindiston ko‘p tomonlama hamkorlik doirasida O‘zbekiston tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi. Xususan, Hindistonning mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish jarayoniga ko‘maklashishi hamda O‘zbekistonning ShHT doirasida yadroviy xavfsizlik yo‘lida ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qilish bo‘yicha tashabbusini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida, shuningdek, O‘zbekistonning 2026-yilda «Hindiston – Markaziy Osiyo» muloqoti doirasida Raqamli texnologiyalar forumini o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Bundan tashqari, Hindiston parlamentining quyi palatasidagi O‘zbekiston bilan do‘stlik guruhi aʼzolari bilan uchrashuv tashkil etish, shuningdek, ikki tomonlama shartnomaviy-huquqiy bazani inventarizatsiya qilish jarayonini boshlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi