Boku – WUF-13: barcha munosib uy-joy, xavfsiz va barqaror shaharlarda yashashga haqli
May 18, 2026. 08:10 • 5 daq
• 113
TOSHKENT, 18-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Boku shahrida BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi shafeligida o‘tkazilayotgan Butunjahon urbanizatsiya forumi 13-sessiyasining Yetakchilar sammitida nutq so‘zlaydi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
BMTning aholi punktlari bo‘yicha dasturi (BMT-Xabitat) hamda Ozarbayjon davlat shaharsozlik va arxitektura qo‘mitasi hamkorligida o‘tkaziladigan ushbu forum “Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda jamoalar” mavzusida tashkil etiladi.
Nufuzli forum uchun tanlangan ushbu mavzu BMT-Xabitatning 2026–2029-yillarga mo‘ljallangan Strategik rejasi ustuvor yo‘nalishlari asosida tanlanib, global uy-joy inqirozini hal etishda muhim ahamiyatga ega.
Taʼkidlash lozimki, so‘nggi yillarda butun dunyoda uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasiga katta eʼtibor berilmoqda. Bu borada BMT tomonidan “Shahar-qishloq bir tizim” konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, shahar alohida maʼmuriy hudud emas, balki atrofdagi hududlar bilan yagona transport, iqtisodiy, oziq-ovqat va ekologik tizimni tashkil etadi.
O‘zbekistonda ham Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklif va tashabbuslari bilan uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida so‘nggi 8 yilda mamlakatimizda 120 million kvadrat metr yoki 600 mingdan ziyod xonadonlar qurilib, foydalanishga topshirildi. Uy-joy sotib olishga ko‘maklashish uchun 541 ming nafar fuqaroga 103 trillion so‘m arzon ipoteka kreditlari va subsidiyalar ajratildi. Bunday saʼy-harakatlar natijasida urbanizatsiya darajasi 1991 yildagi 40,3 foizdan 51 foizga yetdi.
Urbanizatsiya sohasida ishlarni samarali va tizimli amalga oshirish maqsadida Prezident farmoni bilan, O‘zbekiston Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tashkil etildi. Ushbu davlat idorasiga urbanizatsiya jarayonlari, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi dasturlarni muvofiqlashtirish va rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab vazifalar yuklatildi.
Mazkur sohadagi raqamlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, so‘nggi to‘qqiz yilda O‘zbekistonda qariyb 10 mingta yangi qurilish korxonasi ish boshladi. Aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan 20 ta, 100 milliard so‘mdan yuqori ko‘rsatkichga chiqqan 365 ta yirik kompaniya shakllandi. Loyiha tashkilotlari soni 2 mingdan oshib, ularning 650 dan ziyodi xalqaro sertifikat oldi.
Shu davrda qurilish sohasida ruxsat berish bosqichlari 3 karra, muddatlar 4 karra qisqartirildi. 420 ta shaharsozlik norma va qoidalari birlashtirilib, eskilari bekor qilindi va 140 ta yangi norma va qoida tasdiqlandi.
Natijada, o‘tgan yillar mobaynida 210 million kvadrat metr bino-inshoot, 647 ming xonadonli 15 mingdan ortiq ko‘p qavatli uy-joy barpo etildi. Qurilish ishlarining hajmi 2016 yildagi 30 trillion so‘mdan o‘tgan yili 314 trillion so‘mga yetdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston aholisi 38 milliondan oshib, urbanizatsiya darajasi 51 foizga yetgan, qariyb 20 million nafar aholi shaharlarda yashamoqda.
Ushbu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonda urbanizatsiya jarayonlari jadal surʼatlarda rivojlanib borayotganini va shaharsozlik sohasidagi islohotlar xalqaro tendensiyalar bilan uyg‘unlashib borayotganini ko‘rsatadi. Bunday sharoitda shahar infratuzilmasini barqaror rivojlantirish, aholi punktlarini zamonaviy talablar asosida shakllantirish hamda ekologik va ijtimoiy muvozanatni taʼminlash masalalari dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu jihatdan, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan urbanizatsiya siyosatini jahon tajribasi bilan uyg‘unlashtirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Shtab-kvartirasi Nayrobi shahrida joylashgan BMT-Xabitat aholi punktlari bo‘yicha maxsus dastur hisoblanadi. Ushbu dastur barqaror shahar rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, urbanizatsiya sohasidagi global kun tartibini shakllantirish va va mazkur yo‘nalishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyatini muvofiqlashtirishni taʼminlashga qaratilgan.
2001 yilda taʼsis etilgan Butunjahon urbanizatsiya forumi (WUF) BMTning shahar rivojlanishi masalalari bo‘yicha eng yirik global konferensiyasi hisoblanadi. Forum BMT-Xabitat tomonidan urbanizatsiya va uning jamiyat, iqtisodiyot hamda iqlim o‘zgarishiga taʼsirini muhokama qilish maqsadida o‘tkaziladi.
BMT Bosh Assambleyasining 71/256-sonli rezolyutsiyasiga muvofiq, Butunjahon urbanizatsiya forumi “Yangi shaharlar rivojlanish dasturi” amalga oshirilishini baholash bo‘yicha asosiy platformalardan biri sifatida belgilangan.
Bugungi kunda forum uy-joy masalalari va barqaror shahar rivojlanishi sohasida turli manfaatdor tomonlarni birlashtiruvchi yetakchi xalqaro maydon sifatida qaraladi. Unda milliy, mintaqaviy va mahalliy hokimiyat organlari, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor, xalqaro tashkilotlar, akademik doiralar va boshqa ishtirokchilar qatnashadi.
Forumning asosiy hujjati “Boku harakatlarga chaqiruvi” bo‘ladi. Unda global uy-joy inqirozi bilan bog‘liq asosiy muammolar va ularni hal etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar aks etadi. Ushbu hujjat mahalliy, milliy va global darajada siyosat ishlab chiqish hamda amaliy mexanizmlarni joriy etish uchun muhim yo‘riqnoma vazifasini bajarishi kutilmoqda.
Bokudagi forum davomida ijtimoiy uy-joy qurilishi, norasmiy aholi punktlarini modernizatsiya qilish, transport, suv taʼminoti, sanitariya va chiqindilarni boshqarish kabi shahar infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek aholi turmush sifatini yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
BMT urbanizatsiyaning iqlim va raqamlashtirish bilan bog‘liq jihatlariga ham katta ahamiyat bermoqda. Shaharlar iqlim inqirozining asosiy maydoni sifatida qaralmoqda va 2030 yilgacha iqlimga chidamli infratuzilma yaratish uchun har yili 4,5–5,4 trillion AQSH dollari miqdorida investitsiya talab qilinishi taʼkidlanmoqda.
Bugungi kunda “aqlli shahar” konsepsiyasi ham inson manfaatlariga yo‘naltirilgan yangi yondashuvga o‘tmoqda. Endi raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt faqat texnologik taraqqiyot ramzi sifatida emas, balki tengsizlikni kamaytirish va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish vositasi sifatida ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, shaharlar gumanitar inqirozlar, aholining majburiy ko‘chishi, uy-joylar vayron bo‘lishi va infratuzilmaga yuklamalar ortishi sharoitida asosiy tiklanish maydoniga aylanmoqda.
Biroq BMT siyosatidagi asosiy muammolardan biri – xalqaro meʼyoriy hujjatlar bilan davlatlar va mahalliy hokimiyat organlarining amaliy imkoniyatlari o‘rtasidagi tafovutdir. Moliyaviy resurslar, sifatli maʼlumotlar va samarali boshqaruv mexanizmlari yetarli bo‘lmasa, eng yaxshi strategiyalar ham faqat deklaratsiya bo‘lib qolishi mumkin.
Shu sababli, bugungi kunda urbanizatsiya siyosatida asosiy eʼtibor umumiy tamoyillardan amaliy mexanizmlar – moliyalashtirish, boshqaruv va masʼuliyat masalalariga qaratilayotgani kuzatilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Varshavadan munosabat: TDT sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda

Anqaradan munosabat: TDT sunʼiy intellekt, integratsiya va raqamli rivojlanish yo‘nalishini yana-da kengaytirmoqda


