Bayram munosabati bilan Xitoydagi vatandoshlar ishtirokida madaniy tadbir o‘tkazildi
May 10, 2026. 13:55 • 3 daq
• 14PEKIN, 10-may. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi tomonidan 9-may – O‘zbekistonda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Xitoydagi vatandoshlar ishtirokida madaniy tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Milliy birlik va hamjihatlik – eng katta kuch, eng katta boylik” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda Xitoy oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar, ushbu mamlakatda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan va vaqtincha bo‘lib turgan vatandoshlar ishtirok etdi.
Tadbir boshida O‘zbekiston madhiyasi yangradi.
Ishtirokchilar so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayoni va ularning mazmun-mohiyati bilan tanishtirildi.
O‘zbekistonning yoshlar, xorijdagi vatandoshlarga oid davlat siyosati haqida taʼkidlandi hamda chet ellardagi yurtdoshlarimiz mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yana-da chuqurlashtirish jarayonlarida faol ishtirok etishga chorlandi.
Xitoydagi diplomatik vakolatxonalarning asosiy vazifalaridan biri bu albatta vatandoshlarning haq-huquqlarini himoya qilish, ularga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish ekanligi taʼkidlandi.
Joriy yil Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi sanasi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” degan ezgu shior asosida kutib olinayotganiga vatandoshlar eʼtibori qaratildi.
Davlatimiz tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, sportga bo‘lgan eʼtibor natijasida o‘zbek yoshlarining dunyo miqyosida yuqori cho‘qqilarni zabt etayotgani mamnuniyat bilan taʼkidladi.
Bu kabi tadbirlarni faol o‘tkazilishi vatandoshlarni birlashtirish ularni vataniga bo‘lgan mehrini yana-da o‘sishiga turtki bo‘lishi aytib o‘tildi.
Tadbir doirasida vatandoshlar ishtirokida o‘rtoqlik futbol musobaqasi o‘tkazildi. Yurtdoshlarimiz turnirda faol ishtirok etib sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.
Ishtirokchilar o‘zbek milliy taomlari va kuy-qo‘shiqlaridan bahramand bo‘lishdi.
Vatandoshlar bilan o‘tkazilgan suhbatlarda o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob olishdi.
Olimjon Obidov, Xitoy Fanlar akademiyasi universiteti doktoranti:
- Avvalambor, barcha vatandoshlarimizni 9-may Xotira va qadrlash kuni bilan samimiy muborakbod etaman. Ushbu kun xalqimiz uchun muhim sana va qadrli bayram hisoblanadi.
Elchixonamiz tomonidan yurtimizdagi muhim sanalarga bag‘ishlab Xitoyda bo‘lib turgan yurtdoshlarimiz ishtirokida doimiy madaniy tadbirlar o‘tkazib kelinadi. Bugun ham ushbu bayram munosabati bilan yig‘ilib, uni keng nishonladik.
Sport musobaqasida ishtirok etanimdan mamnunman. Bunday tadbirlar biz kabi yoshlarni birlashtirish va yana bir bor Vatan taftini his qilish imkonini beradi.
Mamlakatimizning yoshlarga bo‘lgan eʼtiborini doim his qilib kelamiz. O‘zbek yoshlarining turli sohalarda o‘z iqtidorlarini namoyon etayotgani quvonarli. Butun dunyo yoshlarimizning yutuqlariga hayrat bilan qaramoqda.
Abdurashid Asrorov, Pekin axborot texnologiyalari kolleji talabasi:
- Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati tashkil etilgan madaniy tadbirda ishtirok etganimdan juda mamnunman.
Bu yerda Xitoyda bo‘lib turgan vatandoshlarimiz bilan yig‘ildik, mamlakatimizdagi so‘nggi yangiliklar bilan o‘rtoqlashdik.
Tadbir davomida milliy kuy-qo‘shiqlarimiz va taomlarimizdan bahramand bo‘ldik. Vatandoshlar ishtirokida futbol musobaqasi qizg‘in o‘tdi, sovrinli o‘rinni egallagan ishtirokchilar taqdirlandi.
Barcha yurtdoshlarimizni bugungi bayram bilan chin dildan tabriklayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi





