Belarus poytaxtidagi O‘zbek madaniyati markazida Bobur merosi va ijodi yod etildi
Fevral 24, 2026. 11:50 • 1 daq
• 1MINSK, 24-fevral. /“Dunyo” AA/. Maksim Tank nomidagi Belarus davlat pedagogika universiteti (BDPU) huzuridagi O‘zbek madaniyati markazida buyuk shoir, qomusiy olim va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, mahalliy jamoat tashkilotlari vakillari, Belarus oliygohlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ishtirok etdilar.
Kechada so‘zga chiqqanlar Boburning nafaqat buyuk hukmdor, balki jahon adabiyoti va ilm-fani xazinasiga beqiyos hissa qo‘shgan ijodkor sifatidagi qiyofasiga to‘xtaldilar. Uning insoniylik, vatan sog‘inchi va adolat aks etgan g‘azallari tadbir ishtirokchilari tomonidan beshta tilda mahorat bilan ijro etildi. Buyuk mutafakkirning “Boburnoma” asari hali-hanuz dunyo olimlari tomonidan tarixiy va geografik manba sifatida yuqori baholanishi alohida qayd etildi.
Tadbirning eng qiziqarli qismi Belarus milliy qo‘g‘irchoq teatri — “Batleyka” sahnasida Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan lavha namoyish etilgani bo‘ldi. O‘zbek va belarus madaniyatining bunday uyg‘unligi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, talaba va o‘quvchilar o‘rtasida Bobur hayotiga doir viktorina o‘tkazilib, g‘oliblarga O‘zbekiston elchixonasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bu kabi tadbirlar ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash va yosh avlod qalbida ajdodlarimiz merosiga nisbatan faxr tuyg‘usini uyg‘otishga xizmat qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi





