O‘zbekistonda Pokiston va Janubiy Koreya kompaniyalari hamkorligida infratuzilma loyihasi amalga oshiriladi
Fevral 24, 2026. 10:44 • 2 daq
• 56
ISLOMOBOD, 24-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Pokistonning «Habib Rafiq (Pvt) Ltd» (HRL) kompaniyasining ishlab chiqarish va xo‘jalik faoliyati bo‘yicha direktori Malik Muhammad Aslam bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda HRLning strategik va texnologik hamkorlari hisoblangan Janubiy Koreyaning «EN Technologies», «Samoocm Architect & Engineers», «Office for Civic Solutions (OCS)», «AKS Group Information Co. Ltd.», «Skyline Profits Global Group of Companies» va «Big Tops Engineering» kompaniyalari vakillari ham ishtirok etdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston–Pokiston o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, infratuzilmaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Malik Muhammad Aslam o‘zi boshchiligidagi HRL delegatsiyasining shu yil yanvar oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan safari haqida to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, safar davomida Toshkent, Samarqand, Xiva va Nukus shaharlarida qator qurilish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv va shartnomalarga erishilgan.
Muloqot chog‘ida Janubiy Koreya kompaniyalari vakillari o‘z faoliyati yuzasidan taqdimot o‘tkazdi. Taqdimotda amalga oshirilgan xalqaro loyihalar, moliyaviy va texnik imkoniyatlar, shaharsozlik va boshqaruv sohasida raqamli yechimlarni joriy etish, energiya tejamkor obyektlar qurish, sanoat zonalarini tashkil etish, transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish tajribasi haqida so‘z yuritildi.
– Kompaniyamiz hozirgi kunda O‘zbekistonda «Uzbekistan Tashkent Smart Bio-Cluster Development» loyihasini amalga oshirmoqda, – dedi «Office for Civic Solutions» kompaniyasi ijrochi direktori Cho Kyun Xun. – Mazkur loyiha Toshkent shahrida zamonaviy biotexnologik va farmatsevtika klasterini barpo etishni nazarda tutadi. U “aqlli” infratuzilma elementlari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda to‘liq ishlab chiqarish zanjiriga ega quvvatlarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, «Uzbekistan Angren Free Economic Zone Project» loyihasida ham ishtirok etayapmiz.
– HRL O‘zbekistonda rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirish maqsadida Janubiy Koreya kompaniyalari ishtirokida xalqaro konsorsium tuzildi, – dedi Malik Muhammad Aslam. – Konsorsium energetika sohasida, temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, «Smart City» konsepsiyasi asosida zamonaviy shaharlar barpo etish hamda boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Uchrashuv yakunida HRL tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarda ishtirok etish istagini bildirgan Janubiy Koreya kompaniyalari vakillarining yurtimizga safarini tashkil etishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
