Binali Yildirim: O‘zbekistonga bormay turib turkiy dunyoni, uning tarixi va kelajagini anglab bo‘lmaydi

Avgust 20, 2026. 08:10 • 4 daq

46
Binali Yildirim: O‘zbekistonga bormay turib turkiy dunyoni, uning tarixi va kelajagini anglab bo‘lmaydi

ANQARA, 20-avgust. /“Dunyo” AA/. Turkiyalik davlat va jamoat arbobi, mamlakatning sobiq Bosh vaziri va parlament spikeri, ayni vaqtda Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– Yaqin kunlarda qardosh O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlanadi. Biz, 86 millionli turkiyaliklar ushbu quvonchli kunlarda Sizning quvonchingizga sherikmiz. Shu fursatdan foydalanib, turk millatining o‘zbek birodarlariga salomi va samimiy mehr-muhabbatini yo‘llaymiz.

Turkiy davlatlar tashkilotining muhim aʼzosi bo‘lgan O‘zbekiston so‘nggi yillarda ulkan taraqqiyotga erishdi. Har safar Turkiy davlatlar Oqsoqollar kengashi raisi sifatida bu diyorga borganimda, tamomila yangi va o‘zgacha O‘zbekistonni ko‘raman.

Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon, Andijon, Namangan, umuman, barcha hududlarda rivojlanish, beqiyos taraqqiyot ko‘zga tashlanadi. Investitsiya, iqtisodiyot, sanoat, mudofaa, madaniyat, sanʼat, sport, qishloq xo‘jaligi, IT va yangi texnologiyalar kabi ko‘plab sohalarda salmoqli natijalar qo‘lga kiritilmoqda.

Qimmatbaho metallar, tabiiy gaz, to‘qimachilik, avtomobilsozlik va boshqa tarmoqlarda o‘sish jadal surʼatlarda davom etmoqda. 2025-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga o‘sdi. Bu nafaqat turkiy davlatlar orasida, balki jahon miqyosida ham yuqori natijadir.

Buning ortida so‘nggi yillardagi taraqqiyot va yuksalishni taʼminlagan kuchli siyosiy iroda bor. Bu irodaning timsoli esa muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyevdir. U kishi ilgari surgan strategik rejalar va “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi qadam-baqadam amalga oshmoqda. Biz, TDT aʼzosi bo‘lgan qardosh Turkiya bundan juda katta baxtiyorlik his qilamiz.

O‘zbekiston aholi soni jihatidan Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar orasida Turkiyadan keyingi eng yirik mamlakatdir. Yana bir muhim jihatni taʼkidlash lozim: yoshlar ulushi va yosh aholi salohiyati jihatidan O‘zbekiston Turkiy dunyoda yetakchi. Inson – bu resurs. Yoshlar esa kelajak demakdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev faqat iqtisodiy taraqqiyot bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Ayni paytda u turkiy xalqlarning qadimgi tarixidan bugungi kungacha bo‘lgan sivilizatsion taraqqiyotini yosh avlodga taqdim etadigan muhim va ulkan markazlarning tamal toshini qo‘ymoqda.

Buxorodagi bunyodkorlik ishlari, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasining yangi qiyofasi, Xiva shahrining yangidan obod qilinishigacha bo‘lgan jarayonlarda turk-islom tamaddunining buyuk qadriyatlari qayta namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – dunyoda o‘xshashi yo‘q beqiyos inshootdir.

Joriy yil iyun oyida Namangandagi xalqaro maqom festivali hamda Andijonda o‘tkazilgan “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti – 2026” xalqaro tadbirlarida ishtirok etdim. Har borganimda bir yangilikka guvoh bo‘laman. So‘nggi tashrifimda Farg‘ona vodiysidagi o‘zgarishlarni ko‘rib, quvondim. Namanganda Prezident nutqini eshitib, sanʼatga, milliy-maʼnaviy qadriyatlarni tiklashga bo‘lgan ulkan saʼy-harakatlarga yana bir bor guvoh bo‘ldim.

Men Turkiyada o‘tkaziladigan uchrashuv va tadbirlarda doim O‘zbekistonni targ‘ib qilaman. Barchaga: “Ota yurt – O‘zbekistonni borib ko‘ring!”, deyman. Yoshlarimiz Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Namangan, Andijonga borishi, ularning boy tarixi va qadriyatlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishi kerak.

Ayniqsa, Prezident tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini har bir turkiy yigit-qiz albatta ko‘rishi zarur. Bu muazzam dargohda turkiylarning Islomdan avvalgi va muqaddas dinimiz qabul qilinganidan keyingi tarixi muhtasham tarzda namoyish etilgan. Zamonaviy texnologiyalar o‘z o‘rnida va ustalik bilan qo‘llanilgan. O‘zbekistonga bormasdan turib turkiy dunyoni, uning tarixi va kelajagini anglash mumkin emas.

Doimo yoshi ulug‘lar va nuroniylarga bo‘lgan hurmat-eʼtiborni O‘zbekistondan o‘rganishimiz kerakligini taʼkidlayman va targ‘ib qilaman. Bu yurt qadim turkiy anʼana bo‘lgan mahalla va oqsoqollar institutini asrab qolgan, keyingi avlodlarga yetkaza olayotgan qadrli mamlakatdir.

Shu munosabat bilan Turkiya fuqarosi sifatida, Turkiy davlatlar Oqsoqollar kengashi raisi o‘laroq, muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga o‘z minnatdorligimni bildiraman va chuqur ehtiromimni izhor etaman. U kishining O‘zbekiston ravnaqi, taraqqiyoti va xalq farovonligini taʼminlash yo‘lidagi saʼy-harakatlari, turkiy davlatlarga ko‘rsatayotgan birodarligidan juda mamnunmiz.

Inshoolloh, biz qo‘lni-qo‘lga berib, yelkama-yelka turib, kelajak avlodlar uchun dunyodagi eng muhim va nufuzli hamjamiyatlardan biri sifatida birgalikda harakat qilishda davom etamiz.

O‘zbekiston xalqi va Prezidentini Mustaqillikning 35 yilligi bilan yana bir bor qutlayman.

Mustaqilligingiz abadiy bo‘lsin! Mamlakatdagi tinchlik va farovonlikka ko‘z tegmasin.

Yana ko‘p yillar muvaffaqiyat va taraqqiyot sari birgalikda odimlashda Yaratgan Parvardigor barchamizni qo‘llasin.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish