Rossiya va AQSH Xalqaro kosmik stansiyani orbitadan tushirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda

Avgust 19, 2026. 20:00 • 2 daq

103
Rossiya va AQSH Xalqaro kosmik stansiyani orbitadan tushirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda

MOSKVA–VASHINGTON, 19-avgust. /“Dunyo” AA/. Rossiya va AQSH Xalqaro kosmik stansiya (XKS)ni orbitadan tushirish operatsiyasi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Kommersantʼ” nashriga tayanib.

“Roskosmos” rahbari Dmitriy Bakanovning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar operatsiyaning qaysi bosqichi va qismi uchun masʼuliyatni o‘z zimmasiga olishini kelishmoqda. Uning taʼkidlashicha, muzokaralar masofaviy shaklda o‘tkazilib, texnik va tashkiliy masalalarni to‘liq muvofiqlashtirish uchun taxminan bir yarim yil vaqt qolgan.

Mazkur kelishuvlar XKSni ekspluatatsiyadan chiqarish bo‘yicha avvaldan belgilangan rejalar doirasida amalga oshirilmoqda. Xususan, “Roskosmos” va “NASA” stansiyadan foydalanish muddatini 2028-yildan 2030-yilgacha uzaytirishga kelishgan.

Rejaga muvofiq, XKS orbitasini pasaytirish jarayoni 2028-yilda boshlanib, taxminan ikki yil davom etadi. Operatsiyada Rossiyaning ikkita “Progress” yuk kemasi hamda stansiyani boshqariladigan tarzda orbitadan tushirish uchun AQSH tomonidan maxsus ishlab chiqilayotgan “USDV” apparati ishtirok etadi. Jarayon yakunlangach, stansiya okeanning aholi yashamaydigan hududiga tushirilishi rejalashtirilgan.

Xalqaro kosmik stansiyani foydalanishdan chiqarilishi uning qariyb 32 yillik faoliyatiga yakun yasaydi. Stansiya 1998-yil noyabr oyida ishga tushirilgan bo‘lib, unda Rossiya, AQSH, Yaponiya, Kanada va Yevropaning qator davlatlari ishtirok etgan.

Ushbu loyihaning yakunlanishi xalqaro hamkorlikdagi yangi kosmik dasturlarga o‘tish jarayonini ham tezlashtirmoqda. Xususan, Rossiya XKS o‘rnida o‘zining milliy orbital stansiyasini barpo etishni rejalashtirmoqda. Loyihaning birinchi modulini 2028-yilda orbitaga chiqarish, stansiyani to‘liq shakllantirishni esa 2032-yilga qadar yakunlash maqsad qilingan. Rossiya hukumati 2024-yilda ushbu loyihani amalga oshirish uchun 7 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratgan.

Global kosmik infratuzilmadagi ushbu o‘zgarishlar bilan bir qatorda, O‘zbekiston ham milliy kosmik salohiyatini bosqichma-bosqich kengaytirmoqda. Yaqinda “O‘zbekkosmos” agentligi ishtirokida yaratilgan “Samarkand-2028” giperspektral sunʼiy yo‘ldoshi orbitaga muvaffaqiyatli chiqarildi. Loyiha doirasida o‘zbekistonlik mutaxassislar giperspektral maʼlumotlarni bevosita orbitada qayta ishlash imkonini beruvchi sunʼiy intellekt modulini ishlab chiqdi.

Shuningdek, O‘zbekiston 2028-yilda o‘zining “Mirzo Ulug‘bek” nomli ilmiy sunʼiy yo‘ldoshini uchirishni ham rejalashtirmoqda. Ushbu loyiha mamlakatning kosmik texnologiyalarni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar imkoniyatlarini kengaytirish va sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlaridan amaliy foydalanish salohiyatini oshirishga qaratilgan dasturining muhim qismi hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish