Samarqandda Parlamentlararo ittifoq yosh aʼzolarining XII xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tadi
Avgust 19, 2026. 19:30 • 2 daq
• 91
TOSHKENT, 19-avgust. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 4–6-sentyabr kunlari Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoq yosh aʼzolarining XII xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Tahlikali davrda barcha uchun shaxsiy huquq, adolat va qadr-qimmatni tiklash” mavzusida o‘tkaziladigan ushbu konferensiyada 183 mamlakatdan 15 ta xalqaro tashkilot, 50 nafarga yaqin doimiy kuzatuvchi hamda 300 nafar ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.
Tadbir doirasida turli sessiyalar o‘tkazilib, unda ishtirokchilar bugungi davr yoshlarining holati va huquqlari bilan bog‘liq dolzarb masalalarni muhokama qiladi.
Xususan, turli nizolar yuzaga kelayotgan sharoitda yoshlar haq-huquqlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish, bandligini taʼminlash, shuningdek, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Tashkil etiladigan dasturlar innovatsion va interaktiv formatlarda tashkil etiladi. Bunday yondashuv nafaqat fikr almashishni mazmunli tashkil etish, balki turli davlat parlamentlari yosh aʼzolari o‘rtasida do‘stlik aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Konferensiya doirasida Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishishda parlamentlararo hamkorlikning o‘rniga bag‘ishlangan xalqaro forum ham o‘tkaziladi. Mazkur tadbirda BRMni ilgari surishda parlamentlararo aloqalarning roli, yoshlarning global kun tartibini amalga oshirishga qo‘shayotgan hissasini kuchaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.
Uchrashuvlar kun tartibidagi asosiy masalalar yuzasidan parlament aʼzolarining taklif va tavsiyalari, tashabbus va mushtarak yondashuvlarini o‘z ichiga olgan yakuniy hujjat qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Konferensiyaning rasmiy sessiyalari 4–5-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. 6-sentyabr kuni esa tadbir tashkilotchilari tomonidan madaniy-maʼrifiy dastur tashkil etiladi.
Yosh parlament aʼzolarining anʼanaviy konferensiyasini o‘tkazish mexanizmi 2014-yilda taʼsis etilgan. Mazkur mexanizm yoshlarning parlament faoliyatidagi ishtirokini kengaytirish, qonunchilik bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqish, o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash va salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan.
Parlamentlararo ittifoqning yoshlarning siyosiy hayotdagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash borasidagi tashabbusi 2010-yildan boshlangan. O‘sha yili tashkilotning Bangkok shahrida bo‘lib o‘tgan 122-assambleyasida “Yoshlarning demokratik jarayondagi ishtiroki” to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilingan.
Ushbu tashabbusning mantiqiy davomi sifatida 2013-yilda Parlamentlararo ittifoq faoliyatida yosh kadrlarning ishtirokini kengaytirishga qaratilgan rasmiy organ — Yosh parlamentariylar forumi tashkil etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi