Boguslav Marian Liberadskiy: O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar aholi uchun ko‘plab imkoniyat yaratmoqda
Avgust 21, 2026. 12:30 • 3 daq
• 45
VARSHAVA, 21-avgust. /“Dunyo” AA/. Polshalik taniqli siyosatchi, iqtisodiyot fanlari professori Boguslav Marian Liberadskiy mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan samimiy qutlayman.
Mamlakatda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, “O‘zbekiston – 2030” konsepsiyasining ishlab chiqilishi fuqarolar manfaatiga xizmat qilyapti. O‘tgan o‘n yilda erishilgan natijalar belgilangan maqsadlarning to‘g‘ri tanlangani, ushbu konsepsiyaning aholi uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratayotganini ifodalaydi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyo uchun muhim iqtisodiy va siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan tayanch davlat hisoblanadi. Qo‘shni mamlakatlar bilan amalga oshirilayotgan savdo-iqtisodiy munosabatlar aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, ustuvor yo‘nalishlardan biri – transport-logistika sohasini rivojlantirish, xususan, temir yo‘l, avtomobil va multimodal tashuvlarni o‘z ichiga olgan Yevroosiyo transport koridorini yaratishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Yevropa parlamentida O‘zbekiston transport sohasi mutaxassislaridan iborat nufuzli delegatsiyani qabul qilish men uchun katta sharaf bo‘lgan. Biz respublika tomonidan mamlakatning Yevropa Ittifoqi, Polsha uchun transport imkoniyatlarini, O‘zbekiston hududi orqali Osiyo mamlakatlari bilan transport aloqalarini yaxshilashga qaratilgan loyiha va tashabbuslarni yuqori baholadik. Logistika xizmatlari eksporti milliy iqtisodiyotning muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda.
O‘zbekistonning yosh aholisi ulkan resurs hisoblanadi. Hozir Polshada qariyb 2 ming nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil olayapti. O‘n yil avval ularning soni atigi 280 nafarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich yoshlarga xorijda taʼlim olish uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlardan dalolat beradi.
Mamlakat Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni ishonchli ravishda mustahkamlab bormoqda. Buning yaqqol dalili sifatida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, vazirlarning tashriflari va yangi kelishuvlarni imzolash bilan mustahkamlanayotgan O‘zbekiston–Polsha munosabatlarining jadal rivojlanayotganini qayd etish mumkin.
Islohotlarning ijobiy natijalari Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, ayniqsa, Polsha bilan munosabatlarda yanada yaqqol namoyon bo‘layapti. Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish yo‘lidagi chora-tadbirlar jadal surʼatlar bilan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonga shaxsan borib, uning boy madaniyati va tarixi bilan yaqindan tanishishni reja qilganman.
Yana bir bor, O‘zbekiston va uning xalqiga chuqur hurmatim va eng ezgu tilaklarimni bildiraman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi