Bangladeshda 35 yil davom etgan raqobatsiz saylovlardan so‘ng yangi prezident saylandi
Avgust 21, 2026. 11:31 • 2 daq
• 125
DAKKA, 21-avgust. /“Dunyo” AA/. Bangladeshda yangi prezident saylandi – hukmron Bangladesh millatchilik partiyasi (BMP) nomzodi Mirza Faxrul Islom Alamgir ushbu mamlakatda so‘nggi 35 yil ichida ilk bor o‘tkazilgan raqobatli prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Sinxua” maʼlumotiga tayanib.
Mirza Faxrul Islom Alamgir parlament deputatlarining 255 ta ovozini qo‘lga kiritgan. Uning raqibi “Jamoati Islom” yetakchiligidagi koalitsiya tomonidan ilgari surilgan Liberal-demokratik partiya raisi Oli Ahmad esa 88 ta ovoz olgan. Ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 349 nafar deputatning 343 tasining ovozi haqiqiy deb topilgan.
Bangladesh prezidenti parlament tomonidan saylanadi. Mamlakat qonunchilik organida bugungi kunda BMP mutlaq ko‘pchilik o‘ringa ega. Oldingi Prezident Muhammad Shahobiddin 2023-yilda raqiblarsiz saylangan va keyinchalik isteʼfoga chiqqan edi.
Mamlakat prezidentining vakolatlari, asosan, vakillik xususiyatiga ega, u aksariyat hollarda bosh vazir tavsiyasiga ko‘ra harakat qiladi. Yangi prezidentning inauguratsiya marosimi bugun bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasida diplomatik aloqalar 1992-yil 15-oktabr kuni o‘rnatilgan. Bangladeshda O‘zbekiston manfaatlarini qarorgohi Dehlida (Hindiston) joylashgan elchi Sardor Rustamboyev himoya qiladi.
“Al Jazeera” telekanali surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi