Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda
Aprel 01, 2026. 16:32 • 4 daq
•
Toshkent vaqti bilan ertaga, 2 aprel soat 6:00 da AQSH Prezidentni Donald Tramp o‘z xalqiga murojaat yo‘llaydi. avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan bog‘liq harbiy operatsiya yaqin haftalarda yakunlanishini maʼlum qilgandi. Uning aytishicha, AQSH o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishgan va operatsiya yana taxminan 2–3 hafta davom etadi, shundan so‘ng AQSH kuchlari hududni tark etadi.
Manba: Kerolayn Livitt
***
Eron prezidenti urushni tugatish bo‘yicha o‘z shartini aytdi
Eron prezidenti Masʼud Pezeshkiyon 31 mart kuni uning mamlakati Isroil va AQSH bilan urushni to‘xtatishga tayyorligini aytdi. Ammo kelgusida hujum qilmaslik bo‘yicha kafolat talab qildi. “Agar asosiy talablar, xususan, tajovuz takrorlanishining oldini oluvchi kafolatlar bajarilsa, biz bu mojaroni to‘xtatish uchun zarur irodaga egamiz”, degan Pezeshkiyon.
Manba: Euronews
***
Rossiyaning An-26 harbiy samolyoti Qrimda halokatga uchradi
1 aprel kuni Rossiya Mudofaa vazirligi qo‘shib olingan Qrimda rejali parvozni amalga oshirayotgan An-26 harbiy-transport samolyoti halokatga uchrashi natijasida ekipajning olti aʼzosi va 23 yo‘lovchi halok bo‘lganini maʼlum qildi. Harbiy idora maʼlumotiga ko‘ra, samolyot bilan aloqa 31 mart kuni kechqurun, taxminan soat 18:00 atrofida uzilgan.
Manba: Interfax
Japarov bir kunda 8 ta hokimni ishdan oldi
31 mart kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakatning 4 ta viloyatida kadrlar orasida tozalash ishlarini amalga oshirdi. Bir kunning o‘zida jami 8 nafar hokim lavozimidan ozod etilib, ularning o‘rniga yangi rahbarlar tayinlandi. Eng ko‘p o‘zgarishlar Jalolobod viloyatida kuzatilgan. Hududda bir nechta tuman va shahar hokimlari almashgan. Shuningdek, Chuy, Botken va Norin viloyatlarida ham hokimlar yangilangan.
Manba: 24.kg
***
Tashiyevning ukasi hibsga olindi
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Qamchibek Tashiyevning ukasi, sobiq deputat Shoirbek Tashiyev “Qirg‘izneftegaz”dagi korrupsiya holatlari yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish doirasida hibsga olindi. Ichki ishlar vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, hozirda u Bishkek shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Manba: 24.kg
***
Isroil Livan chegarasidagi barcha uylarni buzib tashlamoqchi
Isroil mudofaa vaziri Isroil Kas 31 mart kuni Livan bilan chegara yaqinidagi qishloqlarda joylashgan barcha uylar buzib tashlanishini maʼlum qildi. Vazir Isroil shimolida xavfsizlik to‘liq taʼminlanmaguncha, mamlakat janubini tashlab ketgan 600 ming aholining o‘z uylariga qaytishiga ruxsat berilmasligini taʼkidlagan.
Manba: Reuters
***
Erondagi urushni tugatish bo‘yicha Xitoy va Pokiston besh banddan iborat reja ishlab chiqdi
Xitoy va Pokiston Erondagi urushni zudlik bilan to‘xtatishga hamda imkon qadar tezroq tinchlik muzokaralarini boshlashga chaqirdi. Seshanba, 31 mart kuni Pokiston yuqori martabali rasmiylarining Pekinga tashrifidan so‘ng, har ikki davlat Fors ko‘rfazi va Yaqin Sharq mintaqasida tinchlik va barqarorlikni tiklash bo‘yicha qo‘shma tashabbusni eʼlon qilgan.
Manba: Economictimes.indiatimes.com
***
Gruziyada 5 nafar Markaziy Osiyo fuqarosi hibsga olindi
Qozog‘iston Ichki ishlar organlari so‘rovlari bo‘yicha Gruziya tomonidan xalqaro qidiruvda bo‘lgan 5 nafar shaxs qo‘lga olindi. Maʼlum bo‘lishicha, ulardan to‘rttasi firibgarlik jinoyati bo‘yicha, biri esa giyohvand moddalarni noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha qidirilayotgan bo‘lgan.
Manba: Polisia.kz
***
BAA ham urushga kirmoqchi
Birlashgan Arab Amirliklari AQSHga Hormuz bo‘g‘ozini harbiy yo‘l bilan ochishda yordam berishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Maʼlumotlarga ko‘ra, BAA bu operatsiyani qonuniylashtirish uchun BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasini ilgari surmoqda. Shuningdek, amirliklar Yevropa va Osiyo davlatlarini bo‘g‘ozda kemalar xavfsizligini taʼminlash uchun harbiy koalitsiya tuzishga chaqirmoqda.
Manba: The Wall Street Journal
***
Yaqin Sharqdagi urush arab davlatlariga qancha zarar keltirishi aytildi
Yaqin Sharqdagi mojaro mintaqadagi arab davlatlariga umumiy yalpi ichki mahsulotning 3,7 foizdan 6 foizgacha yoki 120 milliard dollardan 194 milliard dollargacha zarar keltirishi mumkin. Bu hisob-kitoblar BMT Taraqqiyot dasturining “Yaqin Sharqda harbiy kuchayish: mintaqadagi arab davlatlari uchun iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlar” hisobotida keltirilgan.
Manba: BMT
***
Polsha “Patriot” tizimini AQSH uchun Yaqin Sharqqa ko‘chirmaydi
AQSH NATOdagi barcha ittifoqchilariga murojaat qilib, qo‘shimcha havo mudofaa tizimlarini jalb etish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu haqda alyansga aʼzo davlatlardan birining yuqori lavozimli harbiy manbasi maʼlum qildi. O‘z navbatida, Polsha hukumati ham o‘zining “Patriot” havo mudofaa tizimlarini Yaqin Sharqqa ko‘chirish niyatida emasligini aytgan. Mamlakat mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamishning taʼkidlashicha, mazkur tizimlar Polsha havo hududi hamda NATOning sharqiy qanotini himoya qilish uchun xizmat qilmoqda.
Manba: Vladislav Kosinyak-Kamish
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi