Bo‘lajak beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi Misr OAV nigohida
Mart 07, 2026. 13:30 • 2 daq
• 15
QOHIRA, 7-mart. /“Dunyo” AA/. Misrning “Sada al-Balad” gazetasida O‘zbekiston elchisi Mansurbek Qilichevning intervyusiga bag‘ishlangan maqola chop etildi deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.
Maqolada elchi joriy yilning 16–19-iyun kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan beshinchi yubiley Toshkent xalqaro investitsiya forumining ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent xalqaro investitsiya forumi amaliy yechimlar maydoni sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlab kelmoqda. Xususan, forum doirasida kompaniyalar va hukumatlar o‘rtasida yuzlab uchrashuvlar tashkil etilgan, sanoat ko‘rgazmalari o‘tkazilgan, shuningdek, qator aniq investitsiya loyihalari ishga tushirilgan.
Bundan tashqari, maqolada diplomat har yili o‘tkaziladigan ushbu forum erishilgan natijalarni yanada mustahkamlash va xalqaro investitsiyaviy muloqotni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilganini alohida eʼtirof etadi.
Shuningdek, elchining taʼkidlashicha, forum 2025-yilda o‘tkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumining kuchli natijalariga tayanadi. Unda 97 mamlakatdan 8000 dan ortiq ishtirokchi, jumladan qariyb 3000 nafar xorijiy mehmon qatnashgan. Dastur doirasida 150 dan ortiq xalqaro maʼruzachilar ishtirokida 36 ta muhokama sessiyasi bo‘lib o‘tgan hamda umumiy qiymati 30,5 milliard dollardan ortiq investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari imzolangan.
Mazkur forum Markaziy Osiyodagi yetakchi investitsiya platformalaridan biri bo‘lib, investorlar, hukumat vakillari, xalqaro moliya institutlari hamda jahon biznesi yetakchilarini birlashtiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi