“World Nuclear News”: O‘zbekistonda ilk AES qurilish ishlariga start berildi
Mart 27, 2026. 08:10 • 2 daq
• 132
LONDON, 27-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistondagi ilk atom elektr stansiyasi qurilishi doirasida birinchi kichik modulli reaktor (KMR) uchun beton quyish ishlariga start berildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“World Nuclear News” nashrining yozishicha, “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev va “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov tomonidan imzolangan hujjat AES loyihasining asosiy yo‘nalishlarini qamrab olgan. Jumladan, unda kadrlar tayyorlash, jamoatchilikni yadroviy texnologiyalar bilan tanishtirish hamda stansiya hududida kelajakda “yadro shaharchasi”ni barpo etish masalalari nazarda tutilgan.
Loyihadagi yangilanishlarga muvofiq, stansiya tarkibi har biri 1 GVt quvvatga ega bo‘lgan ikkita VVER-1000 energobloki hamda har biri 55 MVt quvvatli ikkita RITM-200N kichik modulli reaktorlardan iborat bo‘ladi. Bu esa umumiy quvvatni avval rejalashtirilgan 330 MVtdan 2100 MVtdan ortiq darajaga oshirish imkonini beradi.
Shu yilning 24-mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon muloqotida Jizzax viloyatidagi maydonda boshlangan ilk beton ishlari hamda “Yo‘l xaritasi” imzolangani yuqori baholandi.
Maʼlum qilinishicha, stansiya to‘liq quvvat bilan ishga tushirilgach, yiliga taxminan 17,2 milliard kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu mamlakatning umumiy energiya ehtiyojining qariyb 14 foizini qoplash imkonini beradi.
RITM-200N texnologiyasi atom muzyorar kemalarida sinovdan o‘tgan yechimlar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, uning xizmat qilish muddati 60 yilni tashkil etadi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonida reaktor binosi uchun 13 metr chuqurlikda kotlovan tayyorlangan bo‘lib, aprel oyi yakuniga qadar beton ishlarining asosiy qismini yakunlash rejalashtirilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi