Markaziy Osiyo–Uzoq Sharq–Tinch okeani mintaqasi hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyatga ega

Oktabr 26, 2026. 12:30 • 7 daq

• 28
Markaziy Osiyo–Uzoq Sharq–Tinch okeani mintaqasi hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyatga ega
Markaziy Osiyo–Uzoq Sharq–Tinch okeani mintaqasi hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyatga ega
Markaziy Osiyo–Uzoq Sharq–Tinch okeani mintaqasi hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyatga ega
Markaziy Osiyo–Uzoq Sharq–Tinch okeani mintaqasi hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyatga ega

VLADIVOSTOK, 26-oktabr. /“Dunyo” AA/. Vladivostok shahrida Uzoq Sharq federal universiteti (UShFU) Sharq institutining I Butunrossiya ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda rossiyalik va xorijiy olimlar, Xitoy, Yaponiya va Koreya bo‘yicha mutaxassislar, Markaziy Osiyo mamlakatlari va boshqa davlatlardan tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Konferensiya doirasida “Markaziy Osiyo – Tinch okeani: o‘zaro bog‘liqlikning yangi darajasi?” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Muhokamalarda UShFU, Sankt-Peterburg davlat universiteti, Rossiya Fanlar akademiyasining Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti, Qirg‘iz milliy universiteti hamda ShHT kotibiyati vakillari qatnashdi. 

O‘zbekiston nomidan O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov ishtirok etdi.

Akramjon Ne’matov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning izchil va ochiq tashqi siyosati hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli mintaqa avvalgi kelishmovchiliklarni bartaraf etish bosqichidan strategik ustuvorliklarni muvofiqlashtirish va rivojlanish istiqbollarini birgalikda belgilash bosqichiga o‘tganini ta’kidladi.

SMTI vakilining fikricha, shakllangan siyosiy ishonch iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish uchun mustahkam asos yaratdi. Mintaqa mamlakatlari yaxshi qo‘shnichilik va birgalikdagi taraqqiyot makonini shakllantirib, infratuzilmaviy, sanoat va texnologik salohiyatni amaliy jihatdan uyg‘unlashtirishga o‘tmoqda. 

2026-yil 8-oktabr kuni Avazada Ozarbayjon ishtirokida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi ushbu yo‘lning izchil davom ettirdi.

Mintaqaviy hamkorlikning mustahkamlanishi iqtisodiy rivojlanish sur’atlarining sezilarli jadallashuvi bilan kechmoqda. Markaziy Osiyoning besh davlati jami yalpi ichki mahsuloti 2016-yildan buyon ikki barobar ortdi va prognozlarga ko‘ra, 2026-yil oxiriga kelib 600 milliard dollardan oshadi.

Mintaqa aholisi 100 million kishiga yaqinlashib, katta sig‘imga ega iste’mol bozori va salmoqli kadrlar salohiyatini shakllantirmoqda. Ayni paytda sanoat bazasi kengaymoqda, o‘zaro iqtisodiy aloqalar mustahkamlanmoqda hamda mintaqa davlatlarining xalqaro iqtisodiy jarayonlardagi ishtiroki ortib bormoqda.

Boy tabiiy resurslar va qulay geografik joylashuv bilan bir qatorda, ushbu omillar Markaziy Osiyoning mustaqil iqtisodiy o‘sish markazi hamda xalqaro ishlab chiqarish va texnologik zanjirlarning istiqbolli ishtirokchisi sifatidagi mavqeyini mustahkamlamoqda.

Akramjon Ne’matov qayd etganidek, tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilishga qaratilgan pragmatik siyosat mintaqa davlatlariga jahon iqtisodiy o‘sishining turli markazlari bilan hamkorlikni kengaytirish imkonini bermoqda. 

“Markaziy Osiyo+” formatlarining rivojlanishi mintaqaga xalqaro qiziqish ortib borayotganining yaqqol ifodasidir. Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlar alohida o‘rin tutadi. 2025-yil iyun oyida “Markaziy Osiyo – Xitoy”, dekabr oyida birinchi “Markaziy Osiyo – Yaponiya”, 2026-yil sentabr oyida esa “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitlari bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, Sharqiy Osiyodagi hamkorlar bilan aloqalar an’anaviy savdo doirasidan chiqib, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, energetikani rivojlantirish va muhandis kadrlar tayyorlash kabi yo‘nalishlarni qamrab olmoqda. 

Bu Markaziy Osiyoning iqtisodiy roli o‘zgarayotganini ko‘rsatadi: mintaqa nafaqat mahsulot sotish bozori va tranzit bo‘g‘ini, balki yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish va qo‘shilgan qiymat yaratishda hamkor sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, davra suhbati ishtirokchilari Markaziy Osiyo va Rossiya Uzoq Sharqining iqtisodiy imkoniyatlarini yanada yaqin uyg‘unlashtirish istiqbollarini qayd etdi.

Gap nafaqat yuk oqimlarini ko‘paytirish, balki transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik imkoniyatlaridan qo‘shma ishlab chiqarishlarni, texnologik kooperatsiyani rivojlantirish va uchinchi mamlakatlar bozorlaridagi ishtirokni kengaytirish uchun foydalanish haqida bormoqda. 

Ushbu hamkorlikda O‘zbekiston alohida ahamiyat kasb etadi. Mamlakatning sanoat va transport infratuzilmasi rivojlanishi hamda qo‘shni davlatlar bilan iqtisodiy aloqalar mustahkamlanishi Uzoq Sharqni Markaziy va Janubiy Osiyo hamda Yaqin Sharq bozorlari bilan bog‘laydigan ishlab chiqarish-logistika markazlarini shakllantirish uchun zamin yaratmoqda.

2024-yil dekabr oyida imzolangan Rossiya Uzoq Sharqi va O‘zbekiston o‘rtasida 2025–2030-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi sheriklikning amaliy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. Hujjat savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar, agrosanoat majmuasi, ta’lim, kadrlar tayyorlash, tog‘-kon sanoati hamda boshqa yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Davra suhbati davomida Akramjon Ne’matov hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qiladigan bir qator o‘zaro bog‘liq yo‘nalishlarni belgilab berdi.

Birinchisi – o‘zaro bog‘langan transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish. Qozog‘istonni tranzit hamkor sifatida jalb etgan holda, Primore o‘lkasi va Toshkent mintaqasida o‘zaro bog‘liq logistika va ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. 

Muntazam konteyner tashuvlarini rivojlantirish, FESCO imkoniyatlaridan foydalanish, transport operatsiyalarini raqamlashtirish hamda axborot tizimlarini, jumladan, O‘zbekistonning E-logistika platformasini integratsiya qilish yo‘nalishlarning raqobatbardoshligini oshirish, yetkazib berish muddati va xarajatlarini qisqartirish hamda transport vositalarini qaytishda ham muntazam yuk bilan ta’minlash imkonini beradi.

Ikkinchisi – sanoat va ilmiy-texnologik kooperatsiya. Bu boradagi istiqbollar sanoat injiniringi, uskunalarga servis xizmatini ko‘rsatish, mineral xomashyoni chuqur qayta ishlash hamda yangi materiallarni yaratish, shu jumladan, muhim minerallar va noyob yer elementlari bilan bog‘liq yo‘nalishlarni qamrab oladi. 

Uzoq Sharqning ilmiy va ta’lim tashkilotlari, eng avvalo, UShFU qo‘shma tadqiqotlar olib borish, muhandislik yechimlarini joriy etish va Markaziy Osiyoda ishlab chiqarishni rivojlantirishga ko‘maklashishi mumkin.

Ushbu yondashuv O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yevroosiyo texnologik sanoatlashtirish kamari”ni shakllantirish tashabbusiga mos keladi. Mazkur tashabbus bir-birini to‘ldiruvchi ishlab chiqarishlarni rivojlantirish, texnologik kooperatsiyani kengaytirish va barqaror qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishga qaratilgan.

Uchinchisi – energetika hamda suv va ekologik barqarorlik. Markaziy Osiyoning ishonchli energiya ta’minoti va suv resurslaridan oqilona foydalanishga bo‘lgan ehtiyoji ortib borayotgani qo‘shma tadqiqotlar olib borish, elektr energiyasini ishlab chiqarishning gibrid tizimlarini, energiya tizimlarini raqamli boshqarish usullari va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun imkoniyatlar ochmoqda.

To‘rtinchisi – agrosanoat va oziq-ovqat sohasidagi kooperatsiya. O‘zbekiston Prezidentining “Yevroosiyo agroyekspressi”ni tashkil etish tashabbusini rivojlantirish Markaziy Osiyodan Rossiya Uzoq Sharqiga meva-sabzavotlar, quritilgan mevalar va qayta ishlangan mahsulotlarni, teskari yo‘nalishda esa baliq va dengiz mahsulotlarini muntazam yetkazib berishni ta’minlashi mumkin.

Buning uchun zamonaviy sovutgich va ombor infratuzilmasini yaratish, nazorat tartib-taomillarini muvofiqlashtirish hamda tashuvlarni oldindan rejalashtirish imkonini beradigan barqaror tizimni yo‘lga qo‘yish zarur.

Beshinchisi – kadrlar tayyorlash hamda ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlik. UShFU va Markaziy Osiyoning yetakchi universitetlari salohiyatini birlashtirish qo‘shma ta’lim dasturlari, amaliy tadqiqotlar hamda muhandis-texnik mutaxassislar tayyorlash ko‘lamini kengaytirish imkonini beradi.

O‘zbekiston Prezidentining qo‘shma ishlab chiqarishlar va yangi texnologik yo‘nalishlar uchun zarur kompetensiyalarni shakllantirishga qaratilgan “Kelajak muhandislari” tashabbusi bu borada alohida qiziqish uyg‘otadi.

Muhokama yakunida ishtirokchilar Markaziy Osiyo va Rossiya Uzoq Sharqi o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda aniq iqtisodiy natijalarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi. Gap alohida savdo va transport operatsiyalaridan logistika, sanoat, energetika, ilm-fan va ta’limni birlashtiradigan kompleks sheriklikka o‘tish haqida bormoqda.

Ikki mintaqa salohiyatini uyg‘unlashtirish o‘zaro manfaatlarga xizmat qiladi. Bu Markaziy Osiyo uchun Osiyo–Tinch okeani mintaqasi bozorlariga chiqish, texnologiyalar va muhandislik kompetensiyalarini jalb etish, xomashyoni qayta ishlashni chuqurlashtirish hamda ishlab chiqarish-logistika salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. 

Rossiya Uzoq Sharqi uchun esa Markaziy Osiyo bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, tashish uchun qo‘shimcha yuk bazasini shakllantirish, qo‘shma ishlab chiqarishlarni rivojlantirish hamda mintaqa orqali Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga chiqish imkonini beradi.

Rossiya Uzoq Sharqi va O‘zbekiston o‘rtasida 2025–2030-yillarga mo‘ljallangan amaldagi hamkorlik rejasi doirasida tegishli idoralar, ilmiy markazlar, transport operatorlari va ishbilarmon doiralar ishtirokida tajriba loyihalari portfelini shakllantirish amaliy qadam bo‘lishi mumkin. Bu belgilangan istiqbollarni muhokama qilishdan iqtisodiyotlarning raqobat ustunliklari va o‘zaro bir-birini to‘ldirishiga asoslangan tashabbuslarni amalga oshirishga o‘tish imkonini beradi.

Ishtirokchilarning fikricha, Markaziy Osiyo va Rossiya Uzoq Sharqi Yevroosiyo–Tinch okeani hamkorligining yangi makonini shakllantirish uchun katta salohiyatga ega. Bunda Markaziy Osiyo endilikda faqat chekka bozor yoki tranzit hududi sifatida qaralmay, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikning mustaqil markazi va xalqaro qo‘shilgan qiymat zanjirlarining istiqbolli bo‘g‘ini sifatida ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu salohiyatni ro‘yobga chiqarish transport yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish, ishlab chiqarish imkoniyatlarini uyg‘unlashtirish, texnologiyalar almashinuvini kengaytirish va barqaror sheriklik aloqalarini shakllantirishni talab etadi. Bunday model har ikki mintaqaga o‘zaro manfaat keltirishi, ularning xalqaro mehnat taqsimotidagi mavqeyini mustahkamlashi hamda yangi bozorlarga chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi mumkin.

Konferensiya doirasida Rossiya, Xitoy, Vetnam va boshqa mamlakatlar vakillari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi. Ularda mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish, ekspertlar muloqotini rivojlantirish va qo‘shma tadqiqot tashabbuslarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Professional aloqalarni kengaytirish hamda tegishli ilmiy-tadqiqot va ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish