Tokioda O‘zbekiston va Yaponiyaning sud-huquq sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Oktabr 26, 2026. 11:30 • 2 daq
• 150TOKIO, 26-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Huquqni muhofaza qilish akademiyasi rektori Sherzod Abdukodirov boshchiligidagi delegatsiya 20–23-oktabr kunlari amaliy tashrif bilan Yaponiyada bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yaponiya Oliy sudida delegatsiya a’zolarini Sekretariatning xalqaro masalalar bo‘yicha direktori, sudya Kendzi Terado va Sekretariat direktori Xaruko Aematsu qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston delegatsiyasiga sud tizimi tuzilmasi, sud instansiyalarining vakolatlari, ishlarni ko‘rib chiqish tartibi hamda Oliy sudning qonun hujjatlarining bir xilda qo‘llanilishini ta’minlashdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi.
Yuridik tayyorgarlik va tadqiqotlar institutida (LTRI) delegatsiya sudyalar va boshqa huquqshunoslarni kasbiy tayyorlash tizimi, o‘quv jarayonini tashkil etish hamda huquqiy ta’lim metodlari bilan tanishdi. Muloqotlarda institut prezidenti Akira Ando, vitse-prezident Xideo Nirey, Sekretariat bosh direktori Yosiaki Isii, shuningdek, sudyalar va professorlar Masato Kumasiro, Norixito Mukay hamda Yuri Takemura ishtirok etdi.
Bundan tashqari, delegatsiya Tokio okrug sudida bo‘lib, sud majlisida ishtirok etdi va birinchi instansiya sudi faoliyatini hamda sud ishini yuritishning amaliy jihatlarini yaqindan o‘rgandi.
Shuningdek, Yaponiya Adliya vazirligi huzuridagi Ilmiy-tadqiqot va o‘quv institutida ham uchrashuv tashkil etildi. Unda institut prezidenti Katsuya Kitaoka, Umumiy masalalar va rejalashtirish departamenti bosh direktorining o‘rinbosari Xiroyuki Tanaka, katta ilmiy xodim Mii Tanaka, o‘quv departamenti professori Xiroyuki Mizobata, xalqaro hamkorlik departamenti professori va davlat advokati Yuday Sudzuki qatnashdi. Tomonlar huquq sohasidagi ilmiy tadqiqotlar, o‘quv dasturlarini takomillashtirish va zamonaviy ta’lim metodlarini joriy etish masalalarini muhokama qildilar.
Tashrif yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Yaponiyaning tegishli muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tashriflar, tajriba almashish, qo‘shma seminarlar, ekspertlik uchrashuvlari va o‘quv tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





