Serbiyada hukmron partiya parlament saylovlarida talabalar harakatidan mag‘lubiyatga uchraganini tan oldi
Oktabr 26, 2026. 12:00 • 2 daq
• 112
BЕLGRAD, 26-oktabr. /“Dunyo” AA/. Serbiyada talabalar norozilik harakati muddatidan oldingi parlament saylovlarida g‘alaba qozongandan so‘ng Serbiya taraqqiyparvar partiyasi (SNS) yetakchisi Aleksandr Vuchich o‘z siyosiy kuchining mag‘lubiyatini tan oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Bizda hali yakuniy natijalar yo‘q, biroq bu saylovlarda mag‘lub bo‘lganimiz aniq”, – deya Aleksandr Vuchichning so‘zlaridan iqtibos keltirgan “DW News”.
Aleksandr Vuchichning ta’kidlashicha, dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, “Talabalar ro‘yxati” parlamentdagi 250 o‘rindan 135 tadan 140 tagachasini qo‘lga kiritadi, SNSga esa 105 ta mandat nasib etadi.
Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni soat 18:00 holatiga saylovchilar davomati 64,9 foizni tashkil etgan. Serbiya ommaviy axborot vositalarining ta’kidlashicha, bu 1992-yilda Yugoslaviya parchalanganidan beri qayd etilgan rekord ko‘rsatkichdir.
SNS yetakchisining bayonotidan so‘ng Belgrad aholisi talabalar harakatining g‘alabasini nishonlash uchun ko‘chalarga chiqdi. Tantanalar mamlakat shimolidagi Novi-Sad shahrida ham bo‘lib o‘tdi. Aynan shu yerdagi temir yo‘l vokzalida yuz bergan fojiadan so‘ng ommaviy norozilik namoyishlari boshlangan edi.
“Talabalar ro‘yxati” 2024-yil noyabr oyida Novi-Sad vokzalida bostirma qulab tushishi oqibatida 16 kishi halok bo‘lganidan keyin kuchaygan jamoatchilik noroziligi fonida shakllandi. Fojia korrupsiya va hukumatning mas’uliyatsizligi bilan bog‘liq ayblovlarga sabab bo‘ldi. Harakat amaldagi rahbariyat muxoliflarini birlashtirdi hamda jamiyatning turli qatlamlari, jumladan, shifokorlar, aktyorlar, olimlar va sportchilar orasidan parlamentga nomzodlar ko‘rsatdi.
Korrupsiyaga qarshi kurash va ommaviy axborot vositalari erkinligi harakatning asosiy talablaridan biriga aylandi.
“Bu erkin davlat bo‘ladi”, – dedi “Talabalar ro‘yxati”ning yetakchi nomzodi Iliya Srdanovich mamlakatdagi avtoritar tendensiyalarga barham berilishiga umid bildirar ekan.
Ikki muddat prezidentlik lavozimida ishlagan va uchinchi muddatga nomzodini qo‘yish huquqiga ega bo‘lmagan Aleksandr Vuchich 2017-yilda tark etgan bosh vazir lavozimiga qaytishni mo‘ljallagan edi. Saylovoldi kampaniyasi davomida u pensiyalar va davlat sektori xodimlarining maoshlarini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasiga investitsiyalarni ko‘paytirishni va’da qilgandi.
U bayonot bergan vaqtda ovoz berishning yakuniy natijalari hali e’lon qilinmagan edi. U keltirgan mandatlar taqsimoti dastlabki taxmin bo‘lib qolmoqda, parlamentning yakuniy tarkibi esa saylov organlari tomonidan tasdiqlanishi kerak.
“RIA Novosti” surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi