Berlinda va Myunxenda O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati taqdim etildi
Oktabr 26, 2026. 10:00 • 2 daq
• 9
BЕRLIN, 26-oktabr. /“Dunyo” AA/. Germaniya poytaxtidagi “Bristol Berlin” va Myunxen shahridagi “Bayerischer Hof” mehmonxonalarida O‘zbekiston va Ozarbayjonning turistik salohiyatini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan qo‘shma roud-shoular bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirlar O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi, “Milliy PR-markazi” DUK va Ozarbayjon Turizm byurosi o‘rtasida 2026-yil iyul oyida imzolangan memorandum doirasida tashkil etildi. Ularning asosiy maqsadi Germaniya bozorida “Joint Silk Road Highlights Tour” (“Buyuk ipak yo‘lining diqqatga sazovor joylari bo‘ylab qo‘shma tur”) loyihasini ilgari surish hamda ikki mamlakatni yagona turistik marshrut doirasida birlashtiruvchi turpaketlarni ommalashtirishdan iborat.
Germaniyadagi tadbirlarda mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida “Uzbekistan Airways” va “Centrum Air” aviakompaniyalari, “Tour Link”, “Orient Mice DMC”, “Sitara Travel”, “AROUND CA”, “KAZIN DMC” turoperatorlari, shuningdek, Ozarbayjon sayyohlik kompaniyalari vakillari, Germaniyaning yetakchi turoperatorlari va turagentliklari ishtirok etdi.
Taqdimotlar chog‘ida Boku, Shemaxa, Sheki, Xiva, Buxoro va Samarqand kabi tarixiy shaharlarni bog‘lovchi turistik yo‘nalish imkoniyatlari tanishtirildi. Ikki mamlakatning boy madaniy-tarixiy merosi, turistik manzillari va sayohatchilar uchun yaratilgan sharoitlar haqida videoroliklar namoyish etildi.
B2B formatidagi uchrashuvlarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma turpaketlarni shakllantirish va ularni Germaniya turoperatorlari dasturlariga kiritish masalalari muhokama qilindi. Muloqotlar chog‘ida yangi sayyohlik yo‘nalishlarini targ‘ib qilish hamda ikki mamlakatga sayyohlar oqimini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Madaniy dastur doirasida O‘zbekiston va Ozarbayjon san’at ustalarining chiqishlari ishtirokchilarni ikki xalqning milliy san’ati va an’analari bilan tanishtirdi. Xususan, o‘zbek madaniyatini xorijda ommalashtirishga hissa qo‘shib kelayotgan “Do‘stlik” ansamblining chiqishlari mehmonlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Mazkur tadbirlar O‘zbekistonning xalqaro sayyohlik brendini mustahkamlash, Germaniya sayyohlik kompaniyalari bilan amaliy aloqalarni kengaytirish hamda Yevropa bozorida Ipak yo‘li merosiga asoslangan qo‘shma turistik mahsulotlarni ommalashtirishga xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi