Pokiston kompaniyasi investitsiya loyihalarini amalga oshirish sharoitlarini joyida o‘rganish uchun Yangi Toshkentga tashrif buyuradi

Oktabr 26, 2026. 10:30 • 2 daq

• 105
Pokiston kompaniyasi investitsiya loyihalarini amalga oshirish sharoitlarini joyida o‘rganish uchun Yangi Toshkentga tashrif buyuradi

ISLOMOBOD, 26-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning “Zaheer Khan Brothers” (“ZKB”) kompaniyalar guruhi ijrochi direktori Muhammad Kamran Said Xan bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv O‘zbekiston Prezidenti raisligida 12-oktabr kuni Yangi Toshkent hududiga xorijiy investorlarni jalb etish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etildi.

Tomonlar “ZKB” kompaniyasining Yangi Toshkentni barpo etish loyihasida ishtirok etish imkoniyatlari, uzoq muddatli investitsiyaviy va infratuzilmaviy hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Pokiston vakiliga Yangi Toshkent shahrining rivojlanish konsepsiyasi va amalga oshirilayotgan ishlar haqida taqdimot namoyish etildi. Unda hududda yo‘llar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, turar joy majmualari, ma’muriy binolar, maktablar, universitetlar, istirohat bog‘lari hamda boshqa infratuzilma obyektlarini barpo etish ishlari olib borilayotgani ta’kidlandi.

Yangi Toshkentning mamlakatning ma’muriy, iqtisodiy va ishbilarmonlik markazi sifatida shakllanishi xorijiy investorlar uchun uzoq muddatli va istiqbolli imkoniyatlar yaratishi qayd etildi.

Mazkur yirik loyihada ishtirok etish istagini bildirgan investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan, investitsiya loyihasining turi, hajmi va joylashuvidan kelib chiqib, amaldagi qonunchilik doirasida taqdim etiladigan soliq va bojxona imtiyozlari pokistonlik tadbirkorda katta qiziqish uyg‘otdi.

Muhammad Kamran Said Xanning aytishicha, “ZKB” kompaniyasi Pokiston, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlarda avtomagistrallar, ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlar, tezkor transport tizimlari, metro infratuzilmasi, suv ta’minoti va irrigatsiya tarmoqlari, ijtimoiy infratuzilma obyektlari, ko‘chmas mulk va shaharsozlik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha katta tajribaga ega.

– Kompaniyamiz Yangi Toshkentda transport va muhandislik tarmoqlari, suv ta’minoti va oqova suv tizimlari, turar joy va tijorat majmualari, ma’muriy hamda ijtimoiy obyektlarni barpo etishdan manfaatdor, – dedi u. – Biz O‘zbekiston bozoriga to‘laqonli investor sifatida kirishni maqsad qilganmiz. Dastlabki loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi kelgusida mamlakatingizning boshqa hududlarida ham yirik infratuzilma loyihalarida ishtirok etishimiz uchun zamin yaratadi.

Uchrashuv yakunida “ZKB” delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, Yangi Toshkent direksiyasi va tegishli tashkilotlar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazish, yer maydonlari hamda loyihalarni amalga oshirish shartlarini joyida o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish