Logo

Chexiyada pasportsiz qolgan vatandoshga amaliy yordam ko‘rsatildi

Mart 09, 2026. 15:00 • 2 daq

91
Chexiyada pasportsiz qolgan vatandoshga amaliy yordam ko‘rsatildi

PRAGA, 9-mart. /“Dunyo” AA/. Chexiyaga ishlash maqsadida kelgan, biroq ayrim huquqiy muammo va moliyaviy sabablarga ko‘ra, murakkab vaziyatga tushib qolgan yurtdoshimiz diplomatik vakolatxona ko‘magida vatanga qaytarildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari xorijdagi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni og‘ir vaziyatlarda qo‘llab-quvvatlashni doimiy ustuvor vazifa sifatida belgilagan.

Diplomatlar tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday amaliy yordam vatandan yiroqda bo‘lgan yurtdoshlar uchun muhim ahamiyatga ega. Ana shunday konsullik ko‘magini his etib, diplomatlardan najot so‘rgan hamyurtimiz Sh.Nga ham o‘z vaqtida yordam ko‘rsatildi.

Maʼlum bo‘lishicha, vatandoshimiz Chexiyaga mehnat qilish maqsadida kelgach, xorijga chiqish pasportini o‘g‘irlatib qo‘yadi. Natijada, ishlash uchun kerakli hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirmagani sababli, noqonuniy maqomga o‘tib qolgan. U bunga eʼtibor qilmasdan, shu tariqa yashab, ishlab kelgan. O‘zbekistonga qaytish payti kelganda esa yangi hujjatni qayerdan olish mumkinligi hamda vatanga qanday tartibda qaytishni bilmagan.

Pasportsiz qolgani, Chexiya Respublikasida qonuniy yashash hamda ishlash uchun hujjat rasmiylashtirishning murakkabligi sababli hamyurtimiz og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan. U mushkul vaziyatini hal etish maqsadida mamlakatimizning Chexiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limiga yordam so‘rab murojaat qilgan.

O‘zbekiston diplomatik missiyasi ushbu holat yuzasidan darhol choralar ko‘rib, fuqaroga amaliy va huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida Praga shahridagi Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM) bilan muzokara olib bordi. Hamyurtimizga Vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirildi va 2026-yil 3-mart kuni uning O‘zbekistonga qaytishiga ko‘maklashildi.

Elchixona xodimlarining o‘z vaqtida ko‘rsatgan yordami va IOM bilan samarali hamkorlik vatandan yiroqda bo‘lgan har bir fuqaro eʼtibordan chetda qolmasligi, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish