AQSHda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik bo‘lajak liderlar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi
Mart 09, 2026. 16:01 • 2 daq
• 58VASHINGTON, 9-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi konsullik bo‘limi xodimlari AQSH maktablarida FLEX (“Bo‘lajak yetakchilar almashinuvi”) dasturi bo‘yicha tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan onlayn muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat davomida yoshlarning o‘qish va yashash sharoitlari, taʼlim va yangi muhitga moslashish jarayoni, mahalliy o‘quvchi va istiqomat qilayotgan amerikalik oila o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar haqida fikr almashildi.
Ishtirokchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida maʼlumot berildi. Shu bilan birga, konsullik ro‘yxatida turish zarurati, mahalliy qonun-qoidalarga rioya etish, taqiqlangan tadbirlarga qo‘shilmaslik, milliy qadriyatlarga yod g‘oyalardan ehtiyot bo‘lish lozimligi to‘g‘risida tushuntirish-profilaktika ishlar olib borildi.
O‘quvchilar doim davlat himoyasida ekanini his qilishi, zarurat tug‘ilganda vakolatxona bilan zudlik bilan bog‘lanish mumkinligi, yaratilayotgan imkoniyatlardan mamnun ekanini qayd etdi.
Elchixona diplomatlari yoshlarni O‘zbekiston hukumati nomidan Merilend va Virjiniya shtatlarida tashkil qilinayotgan iftorlik tadbirlarida ishtirok etish uchun taklif qildi.
Muloqot chog‘ida yoshlar FLEX dasturi orqali olayotgan bilimi va orttirayotgan ko‘nikmalarini O‘zbekistonda tatbiq qilish hamda yangi taklif va tashabbuslarni Vatanga olib kirishga bo‘lgan ishtiyoqini namoyish etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


