Haftasiga to‘rt marta amalga oshirilayotgan Toshkent–Varshava aviaqatnovlari biznes va turizm uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda
Oktabr 05, 2026. 09:00 • 2 daq
• 133
VARSHAVA, 5-oktyabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Varshava shahri ma’muriyati Xalqaro hamkorlik byurosi direktori o‘rinbosari Milosh Gos bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida Polsha tomoni O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga qiziqishi ortib borayotganini qayd etdi. Toshkent va Varshava o‘rtasidagi tarixiy va madaniy aloqalar, ikki davlat munosabatlarining tobora kengayib borayotgani ta’kidlandi.
Poytaxtlar o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilgani ham hamkorlikni rivojlantirishning muhim omili sifatida qayd etildi. Toshkent–Varshava yo‘nalishida haftasiga to‘rt marta amalga oshirilayotgan parvozlar ishbilarmonlik, turizm, madaniy va gumanitar aloqalarni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.
Uchrashuvda shahar boshqaruvi va zamonaviy shahar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, transport, raqamlashtirish, barqaror rivojlanish, madaniyat va turizm sohalarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida Varshava shahri ma’muriyati va Toshkent shahri hokimligining tegishli tuzilmalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri ishchi aloqalarni yo‘lga qo‘yish, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash hamda sohaviy va amaliy uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, ikki shahar vakillarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqishga kelishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi