“ClimateDataBook”: O‘zbekiston Markaziy Osiyoda iqlimga chidamli tizimlarni mustahkamlashga chaqirdi
Noyabr 12, 2026. 09:30 • 2 daq
• 29
ISLOMOBOD, 12-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “SlimateDataBook” portalida Turkiyada o‘tayotgan COP31 doirasida O‘zbekiston milliy pavilonida bo‘lib o‘tgan mavzuli tadbirga oid maqola joylashtirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimlarining iqlim o‘zgarishiga nisbatan barqarorligini oshirish, shuningdek, ayollar, bolalar va zaif qatlam vakillarini kuchayib borayotgan salomatlik xavflaridan himoya qilish maqsadida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va investitsiyalarni ko‘paytirishga chaqirmoqda.
“Mazkur masala Turkiyada o‘tayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 31-konferensiyasi (COP31) doirasida O‘zbekiston milliy pavilonida tashkil etilgan “Iqlim xavflaridan iqlim o‘zgarishiga chidamli sog‘liqni saqlash tizimlarigacha: Markaziy Osiyoda gender omillarini hisobga olgan holda moslashuvni moliyalashtirish” mavzusidagi tadbirda muhokama qilindi”, – deya ma’lum qilingan manbada.
Tadbirning muhim natijalaridan biri Global yashil o‘sish instituti (GGGI) va BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) o‘rtasida iqlim o‘zgarishiga chidamli sog‘liqni saqlash infratuzilmasini rivojlantirish, investitsiyalarni rejalashtirish hamda institutsional salohiyatni oshirish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumining imzolanishi bo‘ldi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Alisher Salomov Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi endi shunchaki ekologik muammo emasligini, balki aholi salomatligi, iqtisodiy taraqqiyot va insonlar farovonligiga tobora kuchli ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
Nashrda ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda Qoraqalpog‘iston uchun iqlim o‘zgarishiga chidamli onalik salomatligini muhofaza qilish modeli ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik o‘zgarishlar natijasida doimiy ish o‘rinlarini yo‘qotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash choralari ham ko‘zda tutilgan.
“Panel muhokamasi davomida O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari davlat idoralari vakillari, GGGI, UNFPA hamda xalqaro moliya institutlari mutaxassislari sog‘liqni saqlash infratuzilmasi uchun investitsiyalarni jalb qilish, milliy moslashuv rejalarida iqlim va gender omillarini hisobga olish, mahalliy hamjamiyatlarning barqarorligini mustahkamlash hamda raqamli sog‘liqni saqlash yechimlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildilar”,– deb yozilgan “SlimateDataBook” sharhida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi