Moskvada “RoUzvitiye-2026” xalqaro talabalar loyihalari tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Noyabr 12, 2026. 08:10 • 2 daq
• 14MOSKVA, 12-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligining Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi (BTSA) bilan hamkorlikda tashkil etilgan “RoUzvitiye-2026” xalqaro talabalar loyihalari tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tanlov har yili Rossiya Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi hamda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ko‘magida o‘tkaziladi.
Joriy yilgi tanlovda O‘zbekiston va Rossiyadan 37 ta jamoa ishtirok etdi, ulardan beshtasi g‘olib deb topildi. Laureatlar qatorida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasi ham sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, ishlab chiqarishga robototexnikani joriy etish va elektron tijoratni takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslari bilan o‘rin oldi.
Marosimda O‘zbekiston elchisi Botirjon Asadov, BTSA rektori Vittoriya Idrisova, Rossiya Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi, “Rossotrudnichestvo” vakillari, Rossiya Sanoatchilar va ishbilarmonlar ittifoqi (RSPP) vitse-prezidenti Sergey Krasilnikov, shuningdek, biznes doiralari va har ikki davlat oliy o‘quv yurtlari talabalari ishtirok etdi.
Vittoriya Idrisova ishtirokchilar geografiyasi kengayib borayotgani hamda Rossiya va O‘zbekiston biznesining tanlovga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini ta’kidladi. Rossiya Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi vakillari tanlovni yanada rivojlantirish, jumladan, g‘olib talabalarning loyihalarini amalda tatbiq etish maqsadida stajirovkalar tashkil etishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Marosim yakunida g‘oliblarga sertifikatlar va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, BTSA vakillari bilan O‘zbekiston elchixonasi o‘rtasida kelgusi hamkorlikni davom ettirish, yangi o‘zbek kompaniyalarini jalb qilish hamda universitetlar va talabalar o‘rtasida tanlov haqidagi xabardorlikni oshirish masalalari muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




